Yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasida ilk hayit namozi oʻqildi
Bugun erta tongda Samarqand viloyatidagi 286 ta jome masjidda moʻmin-musulmonlari muborak Ramazon hayiti namozini ado etdilar. Xususan, kuni kecha Prezidentimiz ishtirokida rasman ochilgan Imom Buxoriy majmuasi namozxonlar bilan gavjum boʻldi. Bu yerda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida yurtimizning barcha viloyatlaridan kelgan bosh imom-xatiblar, ulamolar, hayit namozini ushbu muqaddas maskanda ado etish niyatida boʻlgan yurtdoshlarimiz yigʻildilar.
Ular bu muazzam maskanda hayit namozini ado etdilar. Namoz oldidan bu yilgi Ramazon oyi oʻzgacha shukuh bilan oʻtgani, mehr-muruvvat va hamjihatlik gʻoyalari ustuvor boʻlgani, oʻtkazilgan saxovat tadbirlari xalqimiz oʻrtasidagi birdamlikni yanada mustahkamlagani taʼkidlandi.

— Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan ulugʻ muhaddisning islom olamidagi mavqei va nufuziga mos tarzda bunyod etilgan mazkur muazzam obida barchamizga muborak boʻlsin, — dedi Shayx Nuriddin Xoliqnazar. — Majmua Ramazon hayitiga nafaqat xalqimiz, balki butun musulmon ummati uchun katta sovgʻa boʻlgani, bu joy shunchaki ziyoratgoh emas, ilm-maʼrifat, maʼnaviyat maskani sifatida xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitish, tafakkurini kengaytirishga xizmat qilishi aytildi.
Hayit namozida Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun ezgu duolar qilindi.
Ramazon hayiti munosabati bilan viloyat boʻylab turli xayriya tadbirlari, ehsonlar va bayramona uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring