Yangi Oʻzbekistonning yangi kasaba uyushmalari

21:29 09 Noyabr 2020 Jamiyat
2333 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya tomonidan “Yangi Oʻzbekiston — yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2016 — 2020-yillardagi faoliyati va milliy taraqqiyotning zamonaviy bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari” mavzuida matbuot konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII qurultoyi oldidan oʻtkazilgan mazkur tadbirda jurnalistlarga mavzu boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. Xususan, oxirgi 4 yilda Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar zamirida, eng avvalo, xalqimiz turmush darajasini oshirish, odamlar ertaga emas, aynan bugun yaxshi yashashini taʼminlash kabi ezgu amallar mujassamligi qayd etildi.

Yurtimizda olib borilayotgan bu saʼy-harakatlarga kasaba uyushmalari ham kamarbasta boʻlmoqda. Buni jamoat tuzilmasining oxirgi 5 yillikdagi faoliyati misolida ham kuzatish mumkin. Avvalo, uning mehnatkashlar huquq va manfaatlarini kafolatlaydigan qonunchilik asosini zamon talablaridan kelib chiqqan holda, takomillashtirishga yoʻnaltirilgan faoliyatiga eʼtibor berish oʻrinlidir. Ana shu maqsadda Federatsiya tomonidan 2 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari koʻrib chiqilib, tegishli tavsiya va takliflar berildi. Qolaversa, 2019-yili Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va oʻsha yilning 6-dekabrida Prezidentimiz tomonidan imzolandi. Hozirgi paytda mazkur Qonun sohadagi munosabatlarni tartibga solish va ishchi-xodimlarning manfaatlarini himoyalashda dasturilamal boʻlib xizmat qilyapti.

Yigʻlishda qayd etilganidek, Hukumat, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi oʻrtasida har uch yilda bir marta imzolanadigan Bosh kelishuv ham ishchi-xodimlarning manfaatlarini himoyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari va Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha 2017 — 2019-yillar uchun imzolangan Bosh kelishuv qator masalalarga yechim topish imkonini berdi. Yaqin yillarga, yaʼni 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Bosh kelishuvda esa iqtisodiyotni, mahalliy ishlab chiqarish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlar qabul qilish, mehnatkashlarning real ish haqi va daromadlarini oshirish, yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnatga haqi ulushini 30 foizdan kam boʻlmagan miqdorda saqlab qolish, isteʼmol sektorida inflyatsiya darajasini 10 foizdan pastga tushirish boʻyicha birgalikda choralar koʻrish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi tizimini joriy etish, ish oʻrinlarida mehnat sharoitini yaxshilash vazifalari kiritilgan boʻlib, bu ham sohadagi ishlarning samaradorligiga zamin yaratadi.

Bosh kelishuvdan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida 14 ta hududiy, respublika miqyosida 107 kelishuv hamda korxona, tashkilot va muassasalarda 111,5 ming jamoa shartnomalari mavjudligini inobatga olsak, mehnatkashlar manfaatiga borasidagi ishlar koʻlami va samarasi nechogʻli boʻlishini tasavvur etish qiyin emas.

Matbuot konferensiyasida jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika boʻyicha oʻrta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablagʻ 2016-yilda bir million 539 ming soʻmni tashkil etgani, bu koʻrsatkich 2019-yil yakunida 5 million 100 ming soʻmga yetgani alohida aytib oʻtildi.

Eʼtiborlisi, jamoa shartnomalari mazmuni yurtimizda kechayotgan izchil islohotlar, mamlakatni modernizatsiya qilish jarayoniga mutanosib ravishda boyitib borilayotir. Faxriylar, nogironligi boʻlgan shaxslar va koʻp bolali onalarga, 3 yoshgacha farzandlari boʻlgan onalarga moddiy yordam koʻrsatish va sogʻlomlashtirish, bolali ayollarning ish vaqtini qisqartirish, kam taʼminlangan oilalar farzandlariga oʻquv qurollari xarid qilish, baxtsiz hodisalar bilan bogʻliq bir martalik nafaqalar miqdorini oshirish shular jumlasidandir.

Tadbirda kasaba uyushmalarining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, gumanitar muammolarni hal etish, mamlakat aholisi turli qatlamlari ijtimoiy manfaatlarini himoyalash, bandligini taʼminlashda davlat organlari bilan ijtimoiy sherikligi faollashganiga ham urgʻu berildi. Misol sifatida 2017-yilda jamoat tashkilotlari koʻmagida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi 2 million 160 mingdan ortiq xonadonga borilib, ularda 650 mingga yaqin muammo mavjudligi oʻrganildi. Muhimi, ularning yechimi boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish borasida erishilgan natijalarda ham kasaba uyushmalarining salmoqli ulushi borligi taʼkidlandi.

— Yoshlar bilan ishlash faoliyatimizdagi muhim yoʻnalishlardan yana biri hisoblanadi, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining oʻrinbosari Baxtiyor Maxmadaliyev. — Bu borada yangicha tizim joriy qilindi. Shu maqsadda kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Yoshlar birlashmasi” tuzildi. Farzandlarimizning har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib kamol topishga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, kasbiy mahorati va bilimini oshirish maqsadida har 2 yilda «Yosh mutaxassislar» forumini hamda uning doirasida turli tanlovlarni oʻtkazib kelyapmiz. Umuman, bu borada olib borilayotgan ishlar koʻlami juda keng.

Konferensiyada, shuningdek, kasaba uyushmalari faoliyatiga kiradigan boshqa yoʻnalishlarda oxirgi 5 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va natijalar hamda istiqboldagi vazifalar xususida atroflicha soʻz yuritildi.

Zokir XUDOYSHUKUROV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер