Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy tayanchi

21:53 23 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1367 0

Xalqimizni yangi marralar, ulkan muvaffaqiyatlar sari ilhomlantirayotgan, qalbida jonajon yurtga muhabbat tuygʻularini olovlantirayotgan bir mujda bor. Bu — erkinlik, iqtisodiy barqarorlik va mamlakat istiqboliga, kelajagiga ishonchning ustuvorligidir.

Bu ishonch xalqimiz koʻz oʻngida shiddatli va tezkor davrda kechayotgan hayotbaxsh islohotlar timsolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Mamlakatimizda yonilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan qulay sarmoyaviy muhit yaratish orqali tabiiy boyliklarni qazib olish hajmini oshirish, gazdan ajratib olinayotgan mahsulotlar turini koʻpaytirishga katta eʼtibor qaratilayotgani ham iqtisodiy imkoniyatlarimizni yana-da kengaytirmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil boshida Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini bir eslab koʻraylik. Unda iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, shu jumladan, kimyo, neft-gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan taʼminlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozimligi, shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni koʻpaytirish uchun byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan edi.

Modernizatsiyadan soʻng...

Mamlakatimiz neft-gaz sanoatida yetakchi korxonalardan biri — Shoʻrtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasida ham oʻtayotgan yilda juda katta hajmda modernizatsiya ishlari bajarildi. Mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini modernizatsiya qilish investitsiya loyihasi boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirildi.

— Toʻrt mingdan ortiq ishchi-xodim, yetakchi mutaxassislar sidqidildan mehnat qilayotgan korxonamizda «Oʻzbekneftgaz» AJ rahbariyati yordami hamda turdosh korxonalar bilan hamkorlikda ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi,— deydi boshqarma bosh muhandisi Sarvar Rahimov. — Loyihaning umumiy qiymati 49 million AQSH dollari boʻlib, bunda yiliga qoʻshimcha 61 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi olishga erishamiz. Bu bilan biz aholi ehtiyoji hamda boshqa sohalarni propan-butan aralashmasi bilan taʼminlash darajasini yana-da oshiramiz. Ushbu loyiha doirasida 10 dan ortiq chet davlatlar kompaniyalari bilan hamda 30 dan ortiq mahalliy korxonalar bilan shartnoma imzolangan. Hozirgi kungacha 1-2-5 navbatlarimizda qurilish-montaj ishlari olib borildi va ishga tushirildi. Bundan tashqari, loyiha doirasida gazni haydash seximizda 8 ta agregat almashtirildi hamda 10- gazni haydash agregati montaj qilinib, ishga tushirildi.

Xoʻsh, bular korxona quvvati va ish hajmini oshirdimi?

Korxona bir yil davomida 9 milliard metr kub gaz qazib olishga muvaffaq boʻlyapti. Shundan 209 ming tonna propan-butan aralashmasi ajratib olinadi. Tabiiy gazdan propan-butan, oltingugurt va kondensatni ajratib olganimizdan soʻng tozalangan gazni siquv kompressorlari orqali «Oʻztransgaz»ga yetkazib beramiz. Shurtangazkimyo majmuasiga kuniga 12 million metr kub gaz yetkazib beryapmiz.Korxonamizning asosiy ish faoliyati bu uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash hisoblanadi. Boshqa korxonalardan farqi shundaki, ham qazib olamiz, ham qayta ishlaymiz. Qolaversa, mutaxassislar hozirgi kunda mahsulotlar turini koʻpaytirish ustida izlanishlar olib borishmoqda.

Dispetcherlik xizmati — korxonaning yuragi

Korxonaning butun ishi — tabiiy gazni qazib olishu qayta ishlash, isteʼmolchilarga joʻnatishgacha boʻlgan barcha jarayon dispetcherlik xizmati tomonidan boshqarib turiladi. Bu masʼuliyatli vazifani astoydil ado etayotgan dispetcherlik xizmati rahbari Shuhrat Eshdavlatov fikrlari bilan qiziqdik.

— Bizda hammasi boʻlib 244 ta quduqdan gaz qazib olinyapti,— deydi u. — Qazib olinayotgan gaz bosimi pastroq boʻlganligi uchun siquv kompressor stansiyalarimiz ishlab turibdi. Bu stansiyalar orqali quduqdan kelayotgan gaz bosimi koʻtarilib bosh inshootga yuboriladi. Gaz tarkibida kelayotgan namlik, mexanik aralashmalar past haroratli ajratish qurilmalarida ajratib olinadi. Bir kecha-kunduzda 24 million 700 ming metr kub gaz qazib olyapmiz. Bir yil davomida bu koʻrsatkich 9 milliard metr kubni tashkil etmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, bu jarayonlar ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati tomonidan tunu kun nazorat qilib boriladi. Buning uchun bizda 167 ta kuzatuv kameralari, masofadan turib obyektda harakatlanayotgan avtomobil va boshqa texnikalarni xarita boʻyicha kuzatish imkoniyati ham yaratib berilgan.

“Zangori olov” doim porlab tursin

Bu yerda gaz qazib olinayotgan quduqlarni oʻz vaqtida taʼmirlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. 322 quduqda amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan tanishdik.

— Maqsadimiz quduqning sunʼiy tubini chuqurlashtirish va gaz mahsuloti unumdorligini oshirishdan iborat,— deydi taʼmirlash uskunalari omilkori Azamat Xoʻjayorov. — Hozirgi kunda quduq tubini toʻliq yuvdik. Endi burgʻulash ishlarini olib boramiz. Bu quduqlar ilgari ishlagan, lekin suvlanib qolgan edi. Biz, asosan, suv yoʻllarini yopib, chuqurlashtiryapmiz. Joriy yilda 4 ta quduqni taʼmirlab topshiramiz. 3 ta quduq toʻliq mahsulot berdi. Maqsadimiz gaz bosimi hech qachon pasaymasin, xonadonlarimizda zangori olov doim porlab tursin.

Shurtan-380 burgʻulash maskanida gaz qazib olish ishlari qizgʻin olib borilyapti. Mahsuldor qatlam burgʻulanyapti. Ish 3 smenada tashkil etilgan.

— Hozir biz burgʻulab turgan yer qaʼri mahsuldor qatlam boʻlib, 2850 metrda ish olib boryapmiz,— deydi burgʻulash ustasi Artur Xudoyberodiyev.— Koʻplab tabiiy qatlamlardan oʻtib, mahsuldor qatlamga yetib keldik. Nasib boʻlsa, gaz zaxirasi mavjud qatlamni topamiz va yaqin kunlarda tabiiy boyligimizdan bahraman boʻla boshlaymiz. Har smenada 8 kishi ishlaydi, har sakkiz soatda almashib turamiz. Gaz otilib chiqqan paytdagi quvonchni soʻz bilan ifodalash qiyin. Elga, yurtga nafim tegayotganidan, shunday ulkan tabiiy zaxiralari bor yurt farzandi ekanimdan gʻururlanaman.

2021-yilga qadam qoʻyish arafasidamiz. Oʻtayotgan yil esa pandemiya tufayli bardoshimizni, kuch-qudratimizni sinovdan oʻtkazdi. Eʼtiborlisi, Shoʻrtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi bu murakkab davrda ham faoliyati davom ettirdi. Gaz qazib olish, uzatish va qayta ishlash jarayonlari bir maromda, toʻla quvvat bilan ishladi. Bu, albatta, biz barpo qilayotgan Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudrati, salohiyati yuksakligidan,yorugʻ istiqbolimiz sari zamon bilan hamnafas qadam tashlayotganimizdan dalolat berib turibdi.

Faxriddin BOZOROV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер