Yangi yilda yangi binoda faoliyat boshladi

13:47 07 Yanvar 2020 Jamiyat
1124 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyati kengashi uchun qurib bitkazilgan zamonaviy bino foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi oʻrni va roli kuchaytirilib, ushbu tuzilmani xalqning chinakam maslakdoshi va koʻmakdoshiga aylantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Ayni paytda fuqarolar yigʻinlari tomonidan avvallari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli boʻlgan 30 dan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalar amalga oshirilyapti.

Oʻzini oʻzi boshqarish organlarini barcha sharoitlarga ega xizmat binolari bilan taʼminlash, mavjudlarini taʼmirlab, rekonstruksiya qilish va zamonaviy usulda jihozlashga etibor kuchaytirildi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining har bir tumanida bittadan jami 13 ta “Mahalla markazi“ barpo etilib, ishga tushirildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 719 mahalla fuqarolar yigʻinining 18 tasi uchun yangi xizmat binosi qurilib, foydalanishga topshirildi, 65 tasi tamirlanib, 5 tasi tubdan rekonstruksiya qilindi. Olti yuzga yaqin fuqarolar yigʻinlari oʻzining xizmat binosiga ega boʻldi.

Yangi binoda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyat va Termiz shahar kengashlari hamda viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursi faoliyat yuritadi.

Tadbirda viloyat hokimi T. Bobolov ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер