Yangi yil arafasida “Tez yordam”ning hududiy filiallariga 100 ta “Volkswagen Caddy” avtomashinalari topshirildi

16:25 27 Dekabr 2023 Jamiyat
433 0

Kutilmaganda tobimiz qochib, yordamga muhtoj boʻlsak yoki biror koʻngilsiz holat tufayli jiddiy jarohat olsak, eng avvalo, “Tez yordam”ga murojaat qilamiz.

Darhol “103” raqamini teramiz va qarabsizki, oq halatli najot farishtalari uyimizda hozir-u nozir boʻladi. Ularning oʻz vaqtida koʻrsatgan birinchi tibbiy yordami tufayli esa minglab insonlar hayoti saqlab qolinadi. Jiddiy va ogʻir asoratlarning oldi olinadi.

Taʼkidlash lozim, dunyoda turli yuqumli kasalliklar tez-tez tarqalayotgan bugungi kunda bemorlar hayoti va sogʻligini asrash, ularga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatishda “Tez yordam”ning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shu boisdan Prezidentimiz topshirigʻiga asosan mazkur soha butunlay transformatsiya qilinmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilyapti.

Sir emas. Bundan 7-8-yil avval yurtimizda tez tibbiy yordam xizmati sifati achinarli ahvolda boʻlib, “103” brigadalarining manzilga kechikib borishi, avtotransport vositalarining yetishmasligi, borlari ham talabga javob bermasligi oddiy hol edi.

Bugun esa vaziyat boshqacha. Sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli mamlakatimizda “Tez yordam” xizmati yangi, sifat jihatdan yuksak va barcha xalqaro talablarga javob beradigan tizimga aylanmoqda.

Ayniqsa, sohani barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan taʼminlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida mazkur yoʻnalishda tibbiy xizmat koʻrsatish sifati anchayin ortdi.

Keling, raqamlarga murojaat qilaylik. Joriy yil yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 110 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari bilan boyidi. Fevral oyida “Jizzakh Auto” tomonidan yigʻilgan bu turdagi avtomobillarning 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga yetkazib berildi.

Shuningdek, shu yil avgust oyida 50, sentyabr oyida 100, oktyabr oyida 100, noyabr oyida esa yana 108 dona “Volkswagen Caddy” rusumidagi tez tibbiy yordam mashinalarining yangi partiyasi ehtiyojga qarab Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallariga taqdim etildi.

Yangi yil bayrami arafasida esa “Jizzakh Auto” kompaniyasi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi uchun mazkur rusumdagi tez tibbiy yordam mashinalarining navbatdagi 100 dona yangi partiyasi taqdim etildi. Natijada 2022-yilning dekabr oyi va joriy yilda “103” xizmatiga topshirilgan bunday avtotransport vositalari soni 800 taga yetdi.

Aytish lozimki, bu galgi 100 ta avtomashina Respublika tez tibbiy yordam markazining Buxoro, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri filiallariga mavjud ehtiyojga qarab taqsimlanadi.

Rejaga koʻra, keyingi yilning birinchi choragida yana 200 ta “Volkswagen Caddy” rusumidagi tez tibbiy yordam avtotransport vositalari hududlarga topshiriladi.

Bu esa tizimning operativligi va natijadorligini taʼminlash hamda aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishga zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер