“Yangi asr” MFYda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda

10:27 12 Fevral 2026 Jamiyat
339 0

Fargʻona tumanidagi “Yangi asr” mahalla fuqarolar yigʻini viloyatdagi eng yirik mahallalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda hududdagi 2520 ta oilada 11 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish sohalari mahallaning asosiy iqtisodiy drayveri boʻlib, bugungi kunda hududda 110 ga yaqin tadbirkorlik subyekti samarali faoliyat yuritmoqda.

Oʻtgan yil davomida mahallada 50 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 100 ta yuqori daromadli yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda esa qariyb 60 ta istiqbolli loyihani hayotga tatbiq etish uchun 400 million soʻmga yaqin imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish rejalashtirilgan. Eʼtiborli jihati, mazkur loyihalar toʻliq mahallaning oʻzidagi tadbirkorlar tashabbusi asosida amalga oshiriladi.

Ayni kunlarda mahallada faoliyatini boshlagan milliy liboslar va doʻppidoʻzlik markazida xotin-qizlar uchun 40 ta doimiy ish oʻrni yaratildi. Loyiha tashabbuskori Fazilatxon Rajabova xonadon bekalari uchun kasanachilik faoliyatini ham yoʻlga qoʻyib, buyurtma asosida milliy doʻppilar ishlab chiqarish hajmini kengaytirishni maqsad qilgan. Shu maqsadda Margʻilon shahridagi hunarmandlar markazi bilan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor Dilafruz Davronova milliy pishiriqlar ishlab chiqarish sexini tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Yaqin kunlarda faoliyatini boshlashi kutilayotgan mazkur sexda 10 nafarga yaqin oila bekalari doimiy ish bilan taʼminlanadi.

— Tadbirkorlar tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahallaga biriktirilgan “Turon bank” ATBning Fargʻona bank xizmatlari markazi tomonidan imtiyozli kredit olish jarayonlariga amaliy koʻmak berildi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Sherzod Normatov. — Bu kabi tashabbuslar mahallani kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlarning amaliy ifodasidir.

Joriy yilda mahallaga sanoatni keng joriy etish maqsadida bir necha zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish ham rejalashtirilgan. Bu esa hududning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер