Vodiyda yuk mashinasi va yoʻlovchi poyezdi ishtirokida YTH roʻy berdi. Haydovchi hayotdan koʻz yumdi
Kuni-kecha, 13-oktyabr, soat 21:40da Buvayda va Qoʻqon stansiyalari oraligʻidagi temir yoʻl kesishmasida yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot tahliliy media markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, GAZ-53 rusumli yuk mashinaning T.S. ismli haydovchisi temir yoʻl kesishmasida harakatlanishning amaldagi qoidalarini buzadi. Natijada u yopiq toʻsiq (shlagbaum)ni chetlab oʻtishga harakat qilib, Toshkent — Andijon yoʻnalishida harakatlanayotgan №62-sonli yoʻlovchi poyezdi bilan urilishi oqibatida avtohalokat yuz berdi.
Voqea natijasida yuk mashinasining haydovchi kabinasiga jiddiy zarar yetkazilgan. Yuk mashinasi haydovchisi voqea joyida halok boʻldi.
“Lokomotiv va yoʻlovchi poyezdining birinchi vagoniga ham zarar yetkazilgan. Yoʻlovchilar orasida jabrlanganlar yoʻq. Zarar koʻrgan ”Qoʻqon" lokomotiv deposiga olib borildi. Yoʻlovchi poyezdi manziligacha boshqa elektrovoz orqali yetkazib borildi. Voqea natijasida yoʻlovchi poyezdi 42 daqiqaga kechiktirildi.
Hozirda huquq-tartibot hamda boshqa tegishli idoralar tomonidan sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasi yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda" deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring