Vodiy hunarmandlari xalqaro koʻrgazmada ishtirok etmoqda
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti — GIZning Fargʻona vodiysida turizmni barqaror rivojlantirish loyihasi doirasida vodiyning 9 nafar hunarmandlari Berlin Bazaar xalqaro hunarmandchilik koʻrgazmasiga taklif etilgan.
— Ayni tadbir orqali vodiyga xos noyob hunarmandchilik mahsulotlarini jahon miqyosida namoyish qilish imkoniyatiga ega boʻldik. Bu yerda qadimiy va navqiron milliy amaliy sanʼatimiz namunalarining eng saralarini koʻrgazmaga qoʻyganmiz, — deydi Silk Granat milliy hunarmandchilik va turizm markazi rahbari Marina Jabbarova.

Berlin shahriga tashrif buyurgan vakillarimiz orasida namanganlik kashtadoʻz Abdulbosit Isoqjonov, gʻurumsaroylik kulol Vahobjon Buvayev ham bor. Ular qoʻlida jilo topgan ipak matoga ajoyib tasvirlar tushirilgan kashtalar, oddiy loydan kishini hayratga soluvchi ashyoga aylangan roʻzgʻor va esdalik buyumlari tomoshabinlarning hayratiga sazovor boʻlmoqda.
6-10-noyabr kunlari boʻlib oʻtadigan xalqaro koʻrgazmada vodiy hunarmandlarining mahsulotlari birinchi bor namoyish etilib, kelajakda oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring