Viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli ham qoniqarli emas — Prezident
Yigʻilishda bir paytlar Fargʻona sanoat oʻsishi boʻyicha peshqadamlardan biri boʻlgan boʻlsa, oʻtgan olti oyda viloyatda sanoat hajmi 4,2 foizga oʻsib, respublikada 12-oʻringa tushib qolgani taʼkidlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi xabar berdi.
Sanoat salohiyati hamma tumanda ham birdek ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, birinchi yarim yillikda sanoat hajmi Toshloqda 17, Qoʻqonda 3 foizga, Oltiariqda 1,3 foizga va Quvada 1,2 foizga kamaygan.
Viloyatda aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan taʼminlash boʻyicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.
Mebelchilikda viloyatda oʻtgan olti oy davomida 250 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsada, Oltiariq, Rishton, Dangʻara, Furqat, Yozyovon va Fargʻona tumanlaridagi jami mebel mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 milliard soʻmga ham yetmaydi.
Shu bilan birga, viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar ahvoli ham qoniqarli emas.
Umuman, viloyatda 2022-yilning olti oyida faoliyat yuritmayotgan korxonalar soni 2,5 mingtani tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 14,5 mingtaga yetgan.
Yil boshida respublika boʻyicha 60 ta tuman toʻrtinchi va beshinchi toifalarga kiritilib, ularni iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha alohida dastur boshlandi.
Fargʻonada ushbu toifalarga kirgan Furqat, Yozyovon va Soʻxdagi tadbirkorlar oʻtgan olti oyda 30 milliard soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalangan.
Lekin, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, mazkur tumanlarda natija koʻrinmayapti. Ahvol yaxshilanishi oʻrniga, ulardagi tadbirkorlar tushumi oʻtgan yilga nisbatan kamayib ketgan.
Sanoat zonalarida katta maydonlar boʻsh turganligi, viloyatdagi 19 ta tuman va shahar hokimlari ularni tadbirkorlarga taklif qilib, mavjud imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.
“Shuncha boʻsh joylar turib, hokimlar sanoat zonalari uchun qishloq yerlari toifasini oʻzgartirish boʻyicha murojaat qilishdan “charchamayapti”.
Eng achinarlisi, viloyatda ishlab chiqarish boʻlgan davlat obyektlarini xususiylashtirib, ular oʻrnida yakka tartibdagi uy-joylar qurib yuborish holatlari mavjud”, — dedi davlatimiz rahbari.
Bosh prokuratura, Kadastr agentligiga bir oy muddatda Fargʻona viloyatida soʻnggi besh yilda sanoat zonalari va boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlari toifasini yakka tartibdagi uy-joy qurishga oʻzgartirish holatlarini tekshirib, qonun ustuvorligini taʼminlash topshirildi.
Bundan buyon, sanoat maqsadlari uchun moʻljallangan yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha qarorlar faqat Hukumat komissiyasi roziligi bilan amalga oshirilishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring