Velosipedda moʻjaz kutubxona
Foto: Халқ сўзи
Fargʻonalik Sardor Madgʻoziyev kitobsevarlar oilada kamolga yetdi. Shuning uchunmi, bolalikdan kitobga boʻlakcha mehr qoʻydi. Mutolaa zavqi ila hayot haqidagi ilk tasavvurlarini boyitib bordi. Shu bilan birga bu zavqni tengdoshlari bilan ham baham koʻrishni istab, ularni kitob oʻqishga undashdan zerikmadi, chekinmadi. Oxir-oqibat kitobsevarlikni targʻib qilish uning maqsadu muddaosiga aylandi. Ana shu maqsad yetovida Sardor velosipedda moʻjaz kutubxona tashkil etib, aholi gavjum joylarda yangi kitoblar savdosini yoʻlga qoʻydi.

— Dastlab Fargʻona shahrining har bir mahallasi, keyinchalik viloyatning tuman-shahar markazlarida shu kabi onlayn kutubxona savdosini yoʻlga qoʻyishni rejalashtiryapman, — deydi Sardor Madgʻoziyev. — Velosiped mahalliy ustalar yordamida qayta jihozlanib, qoʻl mehnati orqali yigʻilyapti. Bu oson kechayotgani yoʻq. Vaqt, mablagʻ deganday... Lekin insonda xohish ustun boʻlsa, barcha narsaning imkoni topilishi ayni haqiqat.

Taʼkidlash oʻrinliki, Sardorning bu loyihasi - onlayn kitob savdosi kattayu kichik fargʻonaliklar, xususan, oliy taʼlim muassasalari talabalari, oʻquvchi-yoshlarga juda ham manzur boʻlmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring