Vatanparvarlik haftaligi qizgʻin uchrashuv va muloqotlarga boy tarzda oʻtdi
Fargʻona viloyatida harbiy vatanparvarlik haftaligi doirasida viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrugi, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida turli tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Haftalik doirasida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Fargʻona filialida “Oʻzbekiston – Vatanim manim” shiori ostida tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi. Unda taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari, talabalar, nuroniylar, mahalla faollari va uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etdi.
— Vatan himoyachilari safini maʼnan va jismonan barkamol yoshlar bilan toʻldirishga munosib hissa qoʻshib kelayotganimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz, — deydi filial direktori Nizomjon Toʻxtaboyev. — Boisi taʼlim dargohida yigit-qizlarni har jihatdan mukammal taʼlim-tarbiya olishlariga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Bayram tadbirida Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism askarlari hamda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi oʻquvchilari tomonidan teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Xususan, harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, faxriy qorovul chiqishlari va jangovar oʻquv-amaliyot mashqlari barchaga manzur boʻldi.
Tadbir doirasida mehmonlar universitetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish hamda oʻquv va amaliy mashgʻulotlar binolariga maroqli sayohat uyushtirish imkoniga ega boʻlishdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring