“Vatanparvar” tashkiloti Yevropaga texnik mutaxassislar yetkazib berish arafasida

09:57 26 Avgust 2023 Jamiyat
1129 0

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rahbar xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Bu haqda “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tomonlar Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Litva, Latviya, Slovakiya va Polshada texnik kasb mutaxassislariga boʻlgan yuqori talabni “Vatanparvar” tashkiloti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qondirish mumkinligi toʻgʻrisida muhokama qildilar.

Hozirda Yevropada 10 mingdan ziyod “CE”, “D” toifadagi haydovchilarga va minglab turli texnik kasb egalariga ehtiyoj sezilmoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan turli mamlakatlardan, jumladan, Oʻzbekistondan ushbu kasb mutaxassislarining Yevropa davlatlariga borib ishlashlari uchun imkoniyat yaratadi.

“Vatanparvar” tashkilotining 210 dan ortiq oʻquv muassasalarida respublika boʻylab yiliga oʻrtacha 150 ming nafar fuqarolar haydovchilik kasbiga hamda yana minglab fuqarolar texnik xizmat koʻrsatish va murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassisliklariga tayyorlanmoqda. Oʻz navbatida, ushbu omil tashkilotning Yevropa davlatlari talabini qondirishi mumkin boʻlgan malakali kadrlarni yetkazib berish quvvatiga ega ekanligini anglatmoqda.

Yaqin kunlar ichida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Vatanparvar” tashkiloti tomonidan ushbu masala yuzasidan aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning avgust oyi boshida Germaniya Federativ Respublikasi Ichki ishlar va vatan vazirligi huzuridagi migratsiya masalalari boʻyicha hukumat maxsus vakili Yoaxim Shtamp boshchiligidagi delegatsiya “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi tasarrufidagi Chilonzor tumani Oʻquv sport texnika klubiga tashrif buyurib, tashkilotning moddiy-texnik negizi bilan tanishgan edi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер