Vatan himoyasi — sharafli burch
Foto: Халқ сўзи
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Fargʻona viloyati shahar va tumanlaridagi mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan chaqiriluvchilar tantanali ravishda muddatli harbiy xizmatga kuzatilmoqda.

— Prezidentimizning joriy yil 22-fevral kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyatda mart-aprel oylarida harbiy xizmatga kuzatish tadbirlari oʻtkaziladi, — deydi Fargʻona viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi Neʼmatilla Gʻafurov. — Shu maqsadda shahar-tuman mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi hududiy va hududiy-tibbiy komissiyalari, mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi rahbariyat kengashi hamda harbiy-tibbiy komissiyalarida Qurolli Kuchlar safini sogʻlom, jismonan baquvvat, bilimli va vatanparvar chaqiriluvchilar bilan butlash boʻyicha ishlar olib borilyapti.
Harbiy xizmatga chaqiriluvchilar shahar-tuman mudofaa ishlari boʻlimida mahalla faollari, ota-onalar, yoshlar, faxriylar hamda keng jamoatchilik oldida yigitlik vaʼdasini berish marosimlari tashkil etilmoqda.

— Bugun nabiram Abdulaziz Qodirovni Vatan oldidagi yigitlik burchini oʻtash uchun joʻnatdik, — deydi Fargʻona shahrida yashovchi Faridaxon Roʻzimatova. — U bolaligidan harbiy boʻlishni orzu qiladi. Harbiy xizmat davomida yanada chiniqib, har tomonlama kamolga yetishiga va orzulari ushalishiga ishonaman.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring