Vaqt mashinasi yoxud tasavvur
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal.
Umrdan oʻtajak har lahza uchun
Qudratli qoʻl bilan qoʻyaylik haykal.
Gʻafur Gʻulom
Hech oʻylab koʻrganmisiz? Agar Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub boʻlgan, oʻsha mashhur “Shum bola” asaridagi voqealarning aksariyati biz yashayotgan hozirgi jamiyatda sodir boʻlsa, ular qanday huquqiy oqibatlarga olib kelgan boʻlar edi? Asar qahramonlari qay yoʻsinda ish tutgan boʻlar edi? Asarning qimmatliligini oshirishga xizmat qiluvchi syujet oʻzgarib ketar edimi yoki aksincha? Har holda, oʻylayotgan boʻlishingiz mumkin: biz bilgan oʻsha Qoravoy kela solib biz tomosha qilayotgan televizorga ancha razm solib turgandan keyin uning shumligi tutadi, va “U nima? Bu nima?” deb, boshingizni qotiradi-da, “ajoyibotlar qutisi”ga zarar yetkazishga urinadi, nima qilsa ham u shum bolada.
Gʻafur Gʻulom… bu yozuvchini eslashimiz bilan koʻz oʻngimizda pichoqning sinishidan boshlab boyning qizi oʻgʻil tugʻganidan iborat boʻlgan yolgʻon bilan Sariboyni mot qilgan, biz bilgan oʻsha mashhur Qoravoy obrazi shakllanadi. Chunki, Gʻafur Gʻulomning mashhurligiga sabab boʻlgan asarlar toʻplami anchaginani tashkil etsa-da, lekin uning ijodida “Shum bola” qissasi alohida oʻrin egallaydi.
Shu oʻrinda eslatib oʻtish lozimki, Gʻafur Gʻulom yoshligi ayni 1-jahon urushi yillariga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham uning ijodida urushning qalbimizdan oʻchira olmaydigan salbiy oqibatlari oʻz aksini topgan.
“Shum bola” asari ham bundan mustasno emas. Bu asarni har qanday sharoitda ham, har qanday davrda ham oʻqish orqali inson yoshlikdagi xotiralar ummoniga shoʻngʻib ketadiyu, barcha hayot tashvishlarini maʼlum muddatga boʻlsa-da butunlay unuta oladi. Ha, u shunday asarki, siz uchun yoshlik davridagi eng ajoyib voqealar kalitini qoʻlingizga tutqazadiyu, goʻyoki vaqt mashinasiga oʻtirasizu, oʻz manzilingizni aytasiz, qoʻyasiz.
Keling, Gʻafur Gʻulom ijodining eng sara namunalari boʻlgan asarlaridan bizga maʼlum boʻlgan voqealarga huquqshunos nazari bilan bir nigoh tashlab koʻraylik-chi! Baribir, bizning “shum bola” bizning davrimizga kelmaydi, chunki u hozir pochchasining oʻsha “boyvachcha qush”lariga suzmani majburlab yedirish bilan band. Shunday ekan, uni ovora qilmasdan oʻzimiz bora qolamiz. Agar tayyor boʻlsangiz, bizning oʻsha Qoravoy yashagan davr tugmasini bosamiz!
Ana xolos! Miqqiy ham Qarchigʻay ham jon beribdi-ku! Bizning Qoravoy endi sezdi: bunday turdagi qushlar suzma yemaydiku! Biz sal kech yetib kelibmiz… Boʻlar ish boʻldi. Endi bizning “shum bola” bitta kukulab turgan qumrini olib yoʻlga tushadi. Ana, Achaobod degan joyga yetib keldik.
Qoravoy bizni payqamayapti. Negadir uning atrofiga qora-qura oʻspirinlar toʻplanib olishdi. Nega unaqa qilishdi ekan? Ha, aytgancha uning qoʻlida qumri bor edi-ku! Shu payt ular bizning Qoravoydan qumrini sotishni soʻradi. Tabiiyki, u rozi boʻlmadi. Keyin esa unga doʻq-poʻpisa bilan qumrini bermasa zoʻrlik bilan tortib olishlari haqida “shum bola”ni ogohlantirishdi. Toʻxtang, toʻxtang. Axir bu bizning qonunchiligimizda taqiqlangan-ku! Qani posbon nazoratchilar? Qani oʻsha paytdagi mirshablar? Buni turgan bitgani jinoyat-ku, axir! Negadir shu payt odamni qoni qaynab ketdi. Nega deysizmi? Axir, bizning “shum bola” endigina oʻn toʻrtga kiradi-da! Tabiiyki, bizning qonunchiligimizda voyaga yetmaganlarning mulkiy huquqi mavjud boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 93-moddasida oʻz ifodasini topgan. Lekin bizning Qoravoy pochchasidan oʻgʻirladi-ku. Mayli, bu ham bizning jinoyat qonunchiligimizda mayda oʻgʻrilikning bir turi hisoblanadi. Endi nailoj, nima qilmaylik “shum bola” shum bolaligicha qolaveradi. Lekin, biz Qoravoyimizga nisbatan qilinayotgan zoʻravonlikka chidab turolmaymiz! Keling, yaxshisi vaqt mashinasini sal keyinroqqa haydaymiz…
Bizning Qoravoy doʻsti Omon bilan qozoq kampirning uyida shirin uyquda… Qoravoy yarim tunda doʻpposlash, mastbozlik, shovqin-suron, toʻpolon ovozini eshitib yotar edi. Kimnidir oʻrtaga olib urishmoqda. Esingizda boʻlsa, bozorda bir odamning hamyonini tuhmat qilib olgan Sulton kissavur bor edi. U oʻzi bilan birgalikda kelgan domlani tunash bilan band edi. Domla dod solib boshqa puli yoʻqligini aytsa hamki, oʻgʻrilar koʻna qolishmayapti. Agar shu voqea bizning davrimizda roʻy bersa bormi? Yetmagandek, Yaxshiqiz kampir bunday voqealarni koʻp koʻraverganidan mirshablarga xabar qilishga ham koʻngli chopmayotgan koʻrinadi. Voy, bu qozoq kampiri kulib oʻtiribdi-ku! Demak, ushbu vaziyatda biz jinoyat qonunchiligiga murojaat qiladigan boʻlsak, shunday xulosaga kelishimiz mumkin: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasida oʻzgalar mulkini ochiqdan ochiq talon-taroj qilish uchun jazo belgilangan. Ushbu holatda domlani hammaning koʻz oʻngida oshkoralik bilan tunayotgan Sulton kissavur va uning sheriklari oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanar ekan-da! Chunki, Sulton kissavur va uning sheriklari bunday turdagi jinoyatni birinchi marta sodir yetishayotgani
yoʻq-ku. Bundan tashqari, bu jinoyat uyushgan guruh tomonidan sodir etilmoqda, axir…
Esingizda boʻlsa, Qoravoy bir eshonning uyida qoʻnim topib, uning xizmatlarini qilib yurar edi. Hozir ham mana, bizning oʻsha Qoravoy qalandarlardan qolib eshonning aytgani boʻyicha uning yoniga bordi. Eshon Qurʼonni oldida, Qoravoyning uch marotaba Qurʼon kitobni oʻpib qoʻliga olishini kuzatdi. Eshon bir nimalarni pichirlab oʻqigan boʻldi. Keyin esa Qoravoyni qasam ichishga majbur qildi. Qoravoy eshon aytgan soʻzlarni qoldirmasdan xuddi oʻzidek takrorlardi. E, toʻxtang-chi, nimalar deyapti bizning “shum bola”? Ha, “pirimning toʻrtala xotinlarini onamdan ham ziyoda koʻraman, ularga koʻz olaytirmayman” deyaptimi? Ana, yana bir jinoyat!
Demak, tahlilga oʻtamiz. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
126-moddasida koʻp xotinli boʻlish jinoyat hisoblanadi. Xoʻsh, bizning eshonimizga agar u 2020-yilda yashasa qanday jazo qoʻllanilgan boʻlar edi? Bilmasangiz bilib qoʻying: bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan cheklash, xullas bitta roʻzgʻorda bittadan ziyod xotin bilan yashayotganligi uchun ham unga nisbatan jinoiy javobgarlik mavjud boʻlar edi. Yaxshiyamki, eshon bizning davrimizda yashamaydi. Boʻlmasa, u nafaqat giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanish, balki koʻp xotinlik uchun ham javobgarlikka tortilgan boʻlar edi.
Bunday xayoliy tasavvurni keltirishimning boisi shundaki, oʻsha davrda yashamay turib, Qoravoy oʻz shumliklarini amalga oshirgan jamiyat insonlarini his qilmasdan turib biz “shum bola”ning shumliklarini oʻrinsiz deb hisoblayveramiz. Lekin, aslida, Qoravoy oʻsha zamon odamlarining kirdikorlari, jinoyatlariga qarshi oʻz shumliklari bilan javob qaytaradi yoxud kurashadi. Biz Qoravoyni endi anglay boshlaymiz… Uning kechinmalarini his qila olamiz. Nega? Chunki, eʼtibor bergan boʻlsangiz siz yuqoridagi jinoyatlarni kuzata turib unga sherikdek his qila boshlaysiz oʻzingizni. Balki, hozirda bizning jamiyatimizda mavjud boʻlgan baʼzi holatlar va anʼanalar ancha yillardan soʻng uchinchi avlodga boringki, toʻrtinchi avlod qonunchiligi boʻyicha jinoyat hisoblanar… Ular ham hozirgidek biz tahlil qilganimiz singari tahlil qilishar…
Shunday ekan, bizning qonun ijodkorligimiz ham bundan ancha vaqtlar oʻtsa ham avlodlarimiz tomonidan salbiy baholanmasligi, ular bizning huquq normalarimizdan jinoyat belgilarini anglamasliklari uchun biz har bir qabul qilinayotgan qonunlar, ularning ishlash mexanizmi, ularning imperativligi darajasiga, ularning himoya qilinish asoslariga juda ham katta ahamiyat berishimiz darkor. Zero, biz shu orqali demokratik-huquqiy davlat barpo etish bosqichining muhim boʻlgan zinalariga qadam qoʻyayotganligimizni yurak-yuragimizdan his eta olamiz. Shu oʻrinda mashhur arbob Volter tomonidan ifodalangan quyidagi mashhur munosabatni keltirib oʻtish oʻrinli boʻlar edi.
“Agar siz yaxshi qonunlarni istasangiz, mavjudlarini yoqing va yangilarini yarating!”
Oyshajon Ametova,
TDYUU oʻqituvchisi,
Shahrizoda Mamasoliyeva,
TDYUU talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring