Uzumchilik Uzundagi mahallaning “oʻsish nuqtasi”ga aylangan
Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “Yangi roʻzgʻor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi fuqarolar uzum yetishtirish boʻyicha katta tajribaga ega. Mazkur mahalla aholisi tomorqada voish usulida uzum parvarishlab, moʻl hosil yetishtirishning hadisini olgan, desak, adashmaymiz.
Eʼtibor bering, mazkur mahallada 1 ming 151 ta xonadon boʻlsa, shuning 800 ga yaqinida uzum voishi mavjud. 200 xonadon moʻjazgina tomorqasida voish usulida uzum yetishtirib kelayotir.
Yaqinda usta bogʻbonlar tajribasini ommalashtirish maqsadida koʻrgazmali seminar ham ayni shu mahallada tashkil etilgani ham bejiz emas. Chunki bu yerda haqiqiy maʼnoda oʻz ishining ustalari, mirishkorlar istiqomat qiladi.
Mahalla odamlari tinib-tinchimaydi. Joriy yil bahorida Oʻtkir Rahimov taklifi bilan Nurafshon koʻchasining 400 metr qismida 200 tupdan ortiq serhosil navli uzum voishi qurildi. Metall konstruksiyasidan ixcham va baland qilib barpo etilgan voishdagi Rizamat ota, Mersedes, Ketmonsopi, Husayni, Kelin barmoq kabi uzum navdalari parvarishlanmoqda. Ishkom dastlabki hosil nishonlarini koʻrsatdi. Mirshikor bogʻbon uzumning serhosil navlari va ularni parvarishlash usullari haqidagi qatnashchilarga soʻzlab berdi.
Bu hali hammasi emas. Oʻ. Rahimov tomorqasining 4 sotix yerida ixcham voish barpo etgan. Tagida loviya va mosh ham ekilgan. Shuningdek, hovlining ayvonidagi ishkomda ham moʻl uzum hosili tovlanib turibdi. Har qarich yerdan oqilona foydalanayotgan oila sohibining aytishicha, oʻtgan yili tomorqasidan oʻttiz million soʻmga yaqin qoʻshimcha daromad olgan. Bu yil hosil yana-da moʻl. Shunga yarasha daromad ham koʻproq boʻlishi kutilmoqda.
Bugun uzumchilik yaxshigina daromad manbaiga aylandi. Mahalladagi xayrli tashabbus esa keng quloch yozayotgani eʼtiborga molik. Chunki mahallada uzumchilik hududning “oʻsish nuqtasi” sifatida tanlab olingan. Shunga muvofiq, xonadonlarda voish barpo etish uchun 2 milliard 400 million soʻm imtiyozli kredit ajratishga doir loyiha ishlab chiqilgan. Shu kungacha ana shu mablagʻning 1 milliard 210 million soʻmi oʻzlashtirildi.
Seminar ishtirokchilari mahalla xonadonlardagi ishkomlarda serhosil va xaridorgir uzum navlarini parvarishlash tajribasini oʻrganishdi.
— Rizamat ota, Prezident, Kelin barmoq, oq va qora Husayni, Shohona navli uzumlarimiz bor, — deydi uzumchilikning hadisini olgan A. Toirov. — Bogʻni yangilaganimizga toʻrt yil boʻldi. Yosh uzumzordan oʻtgan yili 50 million soʻmdan ziyod daromad oldik. Bu yil daromadimiz yuz million soʻmdan oshishi kutilmoqda. Ertachi uzumlar pishib qoldi. Har kilosiga 20 ming soʻmdan xaridorlar bor.
Mahalla sohibkorlarining taʼkidlashicha, uzum parvarishlashning oʻziga xos siru sinoati mavjud. Erta bahorda novdalarni chilpish kerak. Oʻz vaqtida shiraga, chang va shoʻrlashga qarshi qayta ishlash berish lozim. Mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, meʼyorida sugʻorish, yaxshi rivojlanmayotgan gʻoʻralarni oʻz vaqtida uzib olish kerak. Ana shunda voishdan moʻljaldagi hosilni olish mumkin.
Mahallada erta uzib olinayotgan gʻoʻralar shu paytgacha isrof boʻlgan yoki chorva mollariga berilgan boʻlsa, bu yil gʻoʻradan sirka olish sinovdan oʻtkazilmoqda. Demak, endi gʻoʻra ham isrof boʻlmaydi. Undan qoʻshimcha daromad olish oʻzlashtirilmoqda.
Ilhom RAHMATOV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring