Urgut va Toyloq tumanlariga zamonaviy sanitar texnikalari topshirildi
Soʻnggi yillarda Samarqand viloyatida kommunal xizmatlarni modernizatsiya qilish va shaharlarda hamda qishloq hududlarida sanitariya holatini yaxshilash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Abonentlarga koʻrsatiladigan sanitar tozalash xizmati sifatini hamda qamrov darajasini oshirish, sohadagi masʼul korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, elektron motorollerlarni mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan shartnoma asosida 10 dona xarid qilinib, Urgut tumaniga topshirildi.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan viloyat “Toza hudud” DMga lizing asosida 5 dona FOTON rusumli maxsus chiqindi tashuvchi texnikalari xarid qilinib, Urgut tumaniga 3 dona va Toyloq tumaniga 2 dona aholini qamrovini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida foydalanish uchun topshirildi.

Yangi texnikalar chiqindilarni tez va samarali yigʻish, tor koʻchalar va mahallalarda xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Ayniqsa, motorollerlar Urgut tumani markazidagi tor yoʻllarda chiqindilarni yigʻishda qulaylik yaratadi.
Yangi topshirilgan maxsus avtomashinalar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, chiqindilarni yigʻish va tashish jarayonini sezilarli darajada yengillashtiradi. Ularning texnik imkoniyatlari yuqori boʻlib, katta hajmdagi chiqindilarni qisqa vaqt ichida olib chiqish imkonini beradi.
Urgut va Toyloq tumanlariga zamonaviy sanitar tozalash avtomashinalarining topshirilishi hududlarni obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Shubhasiz, bunday amaliy ishlar natijasida toza va ozoda muhit, sogʻlom turmush tarzi hamda farovon hayot uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring