Urgut EIZda jinsi mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi
Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan karantin vaqtida xususiy sektor vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼsir etishi mumkin boʻlgan iqtisodiy-moliyaviy zarbalarni yumshatish borasida muhim chora-tadbirlar belgilandi. Ayniqsa, aholi bandligini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi bugun hududdagi mavjud resurs va xom ashyo manbalaridan samarali foydalanish, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, qishloq joylarida ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuni alohida aytish kerakki, mazkur hudud uchun viloyatning Urgut tumanidan 390 gektar, Past Dargʻom tumanidagi “Doʻstlik” massividan 66 gektari, Nurobod tumanining “Sazagʻan” massividan 360 gektar, Samarqand shahrining “Xishrash-2” massividan esa 102 gektar yer maydoni ajratildi. Shu kunlarda 918 gektardagi erkin iqtisodiy hududda yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
— Albatta, shunday sinovli kunlarda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imkoniyatlardan asosiy maqsad ularning inqirozga uchrashini oldini olishdir. Eʼtiborlisi, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi 70 ta loyihadan 43 tasi ishlab chiqarishni boshlagan. Natijada, 3 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil qilindi, — deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori oʻrinbosari Abdugʻaffor Madarov. — Korxonalar tomonidan 2020-yilning 1-choragida 220 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, 6,6 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksporti amalga oshirildi. Ayni murakkab sharoitga qaramasdan, amaldagi yilda 13 ta loyihani ishga tushirish koʻzda tutilgan. 2020-yilning 1-choragida 2 ta loyiha ishga tushirilib, 350 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Xususan, yaqinda umumiy qiymati 3 million AQSH dollari boʻlgan jinsi mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi asosida “UR JEANS” MCHJ korxonasi oʻz faoliyatini boshladi. Karantin qoidalariga rioya qilgan holda ish olib borayotgan mazkur quvvat 80 nafar yosh yigit — qizlarning bandligini taʼminladi. Ular xorijdan keltirilgan elektron tikuv mashinalarida jinsi matosidan turli mahsulotlar tayyorlashmoqda.
— Korxonamizda kutilayotgan ishlab chiqarish hajmi yiliga 5,4 million AQSH dollarini tashkil etadi, — deydi korxona rahbari Bekmurod Hakimov. — Shundan 1,6 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Korxonaning 22 yoshli ishchisi Rivojiddin Ergashev ham dastlab Toshkentdagi yirik korxonalarda tikuvchilik borasidagi mahoratini oshirib, bu kasbning bor sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirib keldi. Bugun tajriba va malaka uning oilasiga daromad olib kelyapti.
Korxona jamoasining rejalari ulkan. Kelgusida tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish, eksport qilish ustida ish olib borilyapti. Bundan tashqari, hududdagi ehtiyojmand oilalarga ixtiyoriy ravishda saxovat yordamlarini koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilgan.
Erkin iqtisodiy zonadagi “Urgut mikro metal” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham faoliyatini boshlaganiga hali koʻp boʻlmadi. Shunga qaramasdan, ishlab chiqarishni tobora kengaytirib boryapti. Rang-barang tish choʻtkalari xaridorlarga oʻz vaqtida yetkazilmoqda. Korxona rahbari Shahob Mirboboyev elboshiga ish tushgan bir vaqtda yangi ish oʻrinlari tashkil qilish, ehtiyojmand oilalarga mehr-muruvvat koʻrsatishni savob amallardan biri deb biladi. Shu bois bu boradagi ezgu amallarni manzilli tarzda yoʻlga qoʻygan.
Urgutdagi “Sam Ferre” xususiy korxonasi ham ish oʻrinlarining barqarorligini taʼminlashga, faoliyatini bir maromda olib borishga katta eʼtibor qaratgan. Korxonada maishiy texnika turkumiga kiruvchi 30 turdagi gaz va elektr plitalari, 10 xil turdagi muzlatgich va sovutqichlar, qurilish materiallaridan poʻlat eshiklar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, yangi loyihalar ustida ish olib borilyapti.
— Shu paytgacha, shahar va tumanlarimizni obodonlashtirish, ekologiyasini yana-da yaxshilash uchun chiqindi qutilari tayyorlangan boʻlsa, hademay ilgʻab boʻlmas, yer ostida joylashtiriladigan chiqindi qutilari ishlab chiqariladi, — deydi “Sam Ferre” xususiy korxonasi direktori Akmal Ahmedov. — Shuningdek, dekorativ daraxtlar yetishtirilmoqda. Bularning barchasida yosh yigitlar mehnat qilishyapti. Ayni damda ularning bandligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Hududdagi ishsizlikni kamaytirishga yordam beradi.
Darhaqiqat, shunday kunlarda ish faoliyatini bir zum boʻlsa-da toʻxtatmay, karantin talablari asosida toʻla quvvat bilan ishlayotgan tadbirkorlarimizning “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgani, aksariyat kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar roʻzgʻoriga qut-baraka olib kirish barobarida, bir qator ijtimoiy — iqtisodiy muammolarni bartaraf qilinishida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring