Un mahsulotlari tizimli va kafolatli yetkazib berilmoqda

17:06 22 Aprel 2020 Iqtisodiyot
3888 0

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishini oldini olish boʻyicha kurash olib borilayotgan bir paytda aholi uchun oziq ovqat xavfsizligini taʼminlash asosiy vazifalardan biri sanaladi. Xorazm viloyatida ham bu borada bir qator amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Xorazm viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi amaliy saʼy-harakatlari bilan asosiy isteʼmol qilinadigan un mahsulotlari chekka hududlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo doʻkonlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilishi taʼminlanmoqda.

Hukumatimizning joriy yil 16-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi sharoitida respublika aholisini davlat resurslari hisobiga un mahsulotlarini tizimli va kafolatli yetkazib berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yigʻilish bayoni bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib un mahsuloti barcha hudullarga bir maromda yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida birja savdolarisiz toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar bilan sotilishi boʻyicha topshiriqlar belgilab berildi.Bu borada viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasining amaliy yordami bilan viloyatda mavjud 4 ta un ishlab chiqaruvchi korxonalarning un mahsulotlari 350 dan ortiq arzonlashtirilgan savdo doʻkonlariga, 194 ta qolipli non, 213 ta kulcha non va makaron mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida yetkazib berilishi taʼminlanmoqda.

Birgina Shovot tumanida joylashgan “Shovot don mahsulotlari” AJ sutkasiga 150 tonna bugʻdoyni qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada zamonaviy energiyatejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan tegirmon sexlarida kuniga 112 tonnadan ortiq 1-navli un mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda korxona omborlarida ming tonnadan ortiq un zaxiralari bor. Shuningdek, korxonaning 30 ming tonna sigʻimga ega bugʻdoy omborxonalarining zaxirasi ham yetarli.

- Korxonamizda ish jarayoni qizgʻin. Pandemiyadan oldin qanday ish tashkil etilgan boʻlsa, hozir ham shu tartibda un va don mahsulotlarini ishlab chiqarish davom etmoqda. Korxonada faoliyat yuritayotgan 150 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilarning xavfsizligi va sogʻligʻi nazorat ostida. Hozirda ishlab chiqarayotgan un mahsulotlarimizni birinchi qoʻl tamoyili asosida viloyatdagi barcha arzonlashtirilgan savdo doʻkonlariga, non va makaron mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalarga yetkazib bermoqdamiz, — deydi korxonaning ishlab chiqarish boʻyicha korxona direktori Davlatyor Navroʻzov. - Shovot tumanida mavjud 55 ta mahallada 18 ta arzonlashtirilgan tugʻun savdo doʻkoni, 16 ta koʻchma savdo doʻkoni tashkil etilgan. Departament organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan tuman aholisiga 28 tonna kartoshka, 1 tonna tonna piyoz va 32 tonna un kabi 27 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari aholiga qulay narxlarda yetkazib berildi.

Tumanning “Istiqbol” mahallasida tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo doʻkoni ham birlamchi isteʼmol mahsulotlariga toʻla. Xarid uchun doʻkonga kelgan mahalla aholisi, oraliq masofani saqlagan holda, karantin qoidalariga rioya etib, kerakli mahsulotlarni ehtiyoji asosida sotib olishmoqda. Un mahsuloti shu tumanda joylashgan korxonadan toʻgʻridan-toʻgʻri savdo doʻkoniga yetkazilmoqda. Shuningdek, mahallaning oʻzida non yopish xizmatini yoʻlga qoʻygan tadbirkor Jasurbek Abdullayev ham uzoqqa bormasdan, ushbu doʻkonga shartnoma asosida issiq non yetkazib bermoqda. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasining amaliy koʻmagi bilan nonvoy Jasurbek aka bilan savdo doʻkoni oʻrtasida shartnoma tuzildi. Doʻkonga har kuni yetkaziladigan issiq nonlarning toʻlovi uchun tadbirkorga yangi plastik karta ochilib, kunlik toʻlov plastik kartochkaga oʻtkazib beriladigan boʻldi. Bu bilan doʻkon va nonvoyning savdosi jonlanib, byudjetga soliq tushimi ham oshishi koʻzda tutilgan.

— Avvalambor, Prezidentimizga rahmat aytaman, — deydi tadbirkor Jasurbek Abdullayev. Tadbirkorlarni oʻylab, yengillik va sharoit yaratilib, faoliyatimizni rivojlantirishda mutasaddi tashkilotlar oʻz yordamini ayamadilar. Un mahsulotini oldin birja orqali sotib olar edik. Endilikda toʻgʻridan-toʻgʻri don korxonasidan olyapmiz. Yopgan nonni 1500 soʻmdan sotar edim. Hozir unning narxi arzonlaganligi uchun 1200 soʻmdan mahalladagi arzonlashtirilgan savdo doʻkoniga yetkazib beryapman. Sababi, ortiqcha ovoragarchilik, taransport xarajati yoʻq.

Shovot tumanining “Istiqbol” mahallasida 3005 nafar fuqaro, 556 ta xonadon istiqomat qiladi. Prokuratura va departament xodimlarining tashabbusi bilan aholiga yengillik yaratish maqsadida, un, non va makaron mahsulotlarining toʻgʻridan toʻgʻri mahallarda yangi tashkil etilgan turgʻun savdo shoxobchalariga yetkazilishi aholi uchun yana-da qulaylik yaratmoqda.

Bu kabi xayrli va samarali ishlar aholini birdamlikda, ogʻzibirchilikda yashashga, tojsimon virusni hamjihatlikda yengib oʻtishga undaydi. Bugungidek sinovli kunlarda Davlatimiz rahbari boshchiligida xalq manfaati, yurtdoshlarimiz taqdiri va kelajagi yoʻlida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar izchil davom etadi.

Bosh prokuratura huzuridagi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish

Departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер