Ulugʻ alloma siymosiga ehtirom

16:11 09 Fevral 2023 Jamiyat
584 0

Foto: Xalq so‘zi

Nafaqat barcha turkiy xalqlar, balki jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri boʻlgan Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligiga bagʻishlangan tantanalar Navoiy shahrida shoirning haykali poyiga keng jamoatchilik tomonidan gulchambarlar qoʻyish bilan boshlandi. Shu yerning oʻzida taniqli navoiyshunos olimlar, ijodkorlar ulugʻ bobokalonimizning boy adabiy merosi va undagi umuminsoniy gʻoyalari xususida maʼruzalar qildilar.

— Prezidentimiz Navoiy viloyatiga qilgan ilk tashriflaridayoq shoir nomi bilan ataladigan shaharni jahon navoiyshunosligining ilmiy markaziga aylantirish gʻoyalarini ilgari surgan edi, — deydi Navoiy davlat pedagogika instituti professori Abduhamid Xolmurodov. — Bu bejiz emas. Boisi, hazrat Navoiyning ijodi va faoliyati tadqiqotiga bir qator Yevropa mamlakatlarida oʻn yettinchi asrlardayoq kirishilgan, oʻsha davrlardayoq shoir asarlari gʻarbiy tillarga tarjima qilingan. Oʻn toʻqqizinchi asrning oltmishinchi yillarida Oʻrta Osiyoni qadam-baqadam kezib chiqqan Vamberi ushbu hududda yashayotgan kishilar Navoiy gʻazallari va uning hayoti faoliyatini yod bilishidan hayratga tushgan. Afsuski, keyinchalik mustabid tuzum mafkurasi tufayli Navoiydan yiroqlashdik. Tadqiqotlarning aksariyatida uning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga koʻproq eʼtibor qaratildi.

Bugun mamlakatimiz yana navoiyshunoslik tadqiqotlari markaziga aylanib bormoqda. Misli koʻrilmagan ilmiy izlanishlar olib borilib, tadqiqot hadlaridan chegaralar olib tashlandi.

Modomiki, soʻz adabiyot va erkinlik xususida borarkan, Navoiy asarlari maddohlik va xushomadgoʻyliklardan yiroqligi tufayli na zamon va na makon tanlamaydi. Inson ichki olami, maʼnaviy komilligi har doim shoir sheʼriyatining diqqat markazida boʻlgan.

Navoiy viloyatida anʼanaviy Navoiyxonlik kunlari doirasida oʻtkazilgan har bir tadbirda shular xususida soʻz yuritildi.

Tantanalar shahardagi “Farhod” madaniyat saroyida shoir gʻazallari asosidagi qoʻshiq va ularga bastalangan kuy hamda raqslardan iborat katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Temur ESHBOYEV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер