Uygʻur qishlogʻi — yangi oʻzgarishlar ostonasida
Foto: Халқ сўзи
Hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida izchil hayotga tatbiq etilayotgan “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” davlat dasturlari ijrosi doirasida olis manzillardagi qariyb 30-40 yillik muammolar oʻzining ijobiy yechimini topyapti. Misol uchun, Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Uygʻur qishlogʻini olaylik. Bu yerda yoʻl, tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, aholi bandligi yoʻnalishlarida odamlarni qiynagan savollar, afsuski, javobsiz qolib kelayotgan edi.

Mana, xayrli ishlar tufayli hammasi ortda qolmoqda. Hozirda bu yerda 21,3 km yoʻlga asfalt, 24,9 km ichki yoʻllarga beton yoʻlakchalar yotqizish, 8 ta transformator, 577 ta temir-beton tayanch oʻrnatish ishlariga kirishildi. Shuningdek, elektr taʼminoti sifatini yaxshilash maqsadida 17 km masofaga yangi tarmoq tortiladi.
— Aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun hududda bitta yangi quduq, 12,85 km masofaga yangi suv tarmogʻini tortish va 9 ta quduqni taʼmirlash zarur boʻladi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ Paxtaobod tuman filiali boshligʻi Alijon Kazakov. — Hozirda bu boradagi ishlar ham jadal surʼatga kirdi. Tez kunlarda loyiha yakuniga yetib, suv taʼminoti yuz foiz tiklanadi.

Bu hali hammasi emas! Manzilda, shuningdek, taʼlim va tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va zarurat tugʻilganida amaliy yordam koʻrsatish, fuqarolarni daromadga yoʻnaltirish, sport maydonlari, qabriston va boshqa obyektlarda obodonlashtirish ishlari bajarilyapti. Darhaqiqat, “Obod qishloq” dasturi Uygʻur qishlogʻidagi 12 mahalla hayotida chin maʼnoda yangi sahifa ochmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring