Uychilik jajji mentalchilar chempion boʻldi

18:01 09 Iyul 2024 Jamiyat
337 0

Qudratilla Najmiddinov“Xalq soʻzi”. Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Asal bilimdon bolajon” nomli maktabgacha taʼlim muassasasining tarbiyalanuvchilari Istanbul shahrida mental arifmetika boʻyicha oʻtkazilgan jahon olimpiadasida ulkan muvaffaqiyatni qoʻlga kiritdi. 6 yoshli Muhammadali Gʻulomov birinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, sobiq tarbiyalanuvchilari, ayni paytda birinchi sinfni tugallagan Shahboz Shokirjonov hamda Mohibegim Gʻofirjonovalar super chempion maqomiga loyiq koʻrildi.

— Bogʻchamizning jajji mentalchilari uchinchi marta xalqaro olimpiadada ishtirok etdi, — deydi muassasa direktori Gulbahor Yoqubboyeva. — Musobaqada oʻn beshdan ortiq mamlakat bolalari ishtirok etdi. Oʻzbekistondan qatnashgan oʻgʻil-qizlar koʻpchiligi yuqori natijalarga erishdi.

Taʼkidlash joizki, yoshlarning mantiqiy, ijodiy fikrlash, fotografik xotiralarini rivojlantirish va matematika faniga qiziqishlarini oshirish maqsadida mental arifmetika maktabgacha taʼlim muassasalarini qamrab olgan. 5 dan 13 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan bu dastur inson bosh miyasining har ikki yarim sharini birdek rivojlantiradi. Uni egallagan bolalar qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish kabi amallarni tezda bajaradi.

“Asal bilimdon bolajon”da ayni yoʻnalish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtib kelgan Maʼmura Olimjonova bolajonlarga toʻrt amalni tezkor bajarish sirlarini oʻrgatib kelmoqda. Uning shogirdlari bu galgi olimpiadada ham super chempionlarga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер