“Uychi tajribasi” ommalashtirilmoqda

12:10 22 Iyul 2024 Jamiyat
524 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati Guliston tumani mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi hokim yordamchilari Namangan viloyatining Uychi tumaniga aholi bandligini taʼminlash borasida toʻplangan tajribani oʻrganish uchun tashrif buyurdi. Maʼlumki, joriy yilning 17-iyulida Davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan mamlakat iqtisodiyotining birinchi yarim yillik natijalariga bagʻishlangan videoselektorda Uychida tadbirkorlar va biznes bilan shugʻullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlash boʻyicha shakllantirilgan tizim maʼqullanib, uni respublika boʻyicha ommalashtirish vazifasi qoʻyilgan edi. Gulistonliklar tumanni ishsizlikdan holi hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan yaqindan tanishdi. Ular dastlab Qumtepa MFYda joylashgan temirchilikka ixtisoslashgan yoshlar kichik sanoat zonasida boʻlishdi. Bu yerda yaratilgan ish oʻrinlari, tayyorlanayotgan mahsulotlar eʼtiborni tortdi.

— Mashad mahallasidagi “Asl Umid Abror” qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatiga qiziqib qoldik, — deydi Guliston tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Olimjon Joʻrayev. — Bu yerda asosan oʻrik, bodom, yongʻoq magʻizlari qayta ishlanib, eksportga tayyorlanadi. Eʼtiborli tomoni, doimiy 25 ta ishchi oʻrni yaratilgan boʻlsa, mavsumda bu 100 tagacha boradi. Mahsulot asosan qoʻl mehnati bilan tayyorlangani uchun xotin-qizlar oʻz xonadonlarida turib ham daromad topish imkoniyatiga ega. Ovchibuloq mahallasidagi tikuvchilik, danakni qayta ishlash sexlari, Gulzor mahallasidagi mebel ishlab chiqarish ustaxonasi va boshqa qator kichik korxonalarda yaratilgan bandlik imkoniyatlari chindan ham oʻrganishga arzirli.

Sirdaryolik hokim yordamchilari shu kuni tijorat banklarining mijozlar bilan mahallaga borib ishlash, xonadonlarda tomorqa xoʻjaligidan samarali foydalanish, migratsiyadan qaytgan fuqarolar bandligini taʼminlash borasida Uychida qoʻllanilayotgan ish uslublarini yaqindan oʻrganib, oʻz mahallalarida qoʻllanish maqsadida yon daftarlariga yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер