Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirgan shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik oʻrniga maʼmuriy javobgarlikni belgilanishi nazarda tutilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar kun tartibidagi navbatdagi masala — “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Majlisda qayd etilganidek, uchuvchisiz uchadigan apparatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar qatoriga kiradi. Ularni respublika hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, shuningdek oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, bunda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga respublika hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik oʻrniga maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi, shuningdek ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtiruvchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda.
Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, mamlakatimizga chet ellik turistlarning keng jalb etilishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlash, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring