Uchqoʻrgʻondagi maxsus maktab-internati – yangi qiyofada

16:34 07 Dekabr 2022 Jamiyat
1091 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni kunda Namangan viloyatida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar manfaatini himoya qilishga ixtisoslashtirilgan oʻndan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari hamda 8 ta maxsus maktab-internat faoliyat koʻrsatmoqda. Ular tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarga kasb-hunar oʻrgatish, taʼlim berish, bandlikni taʼminlash chora-tadbirlariga eʼtibor qaratilayotir.

Jumladan, bir muddat ilgari Kosonsoydagi 45-“Nurli maskan” internat–maktabiga bir milliard soʻm mablagʻ ajratilib, qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan, taʼlim muassasasiga Germaniyada ishlab chiqarilgan “Everest –DV 4» rusumli Brayler alifbosidagi kitob va tarqatma materiallarni chop etishga moʻljallangan kichik bosmaxona uskunalari keltirilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi arafasida Uchqoʻrgʻon tumanidagi 46-maxsus maktab-internat oʻquvchilari ham quruvchilardan taʼmirdan chiqarilgan zamonaviy oʻquv va yordamchi binolarni qabul qilib oldilar.

Imkoniyati cheklangan bolalar taʼlimiga ixtisoslashgan ushbu maxsus maktab-internatning 300 oʻquvchiga moʻljallangan oʻquv binosi taʼmirtalab holga kelib qolgandi. Boz ustiga binoning yuklamasi anchagina baland boʻlib, darsdan tashqari toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etishga deyarli sharoit yoʻq edi. Bundan yetti oy avval taʼlim muassasasida xayrli oʻzgarishlarni amalga oshirishga kirishildi. Bunyodkorlik ishlariga 14,9 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, asosiy bino, 250 oʻringa moʻljallangan yotoqxona qayta taʼmirdan chiqarildi. Qoʻshimcha ravishda oshxona, futbol maydoni va sport zali qurildi.

— Bularning barchasi eshitish va soʻzlash qobiliyati cheklangan oʻquvchilarning sogʻlom tengdoshlaridan kam boʻlmagan sharoitda tahsil olishi yoʻlidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi, - deydi muassasa direktori Baxtiyor Alimatov. — Qurilish-taʼmirlash ishlariga qoʻshimcha ravishda barcha xonalar yangi parta va stullar, kompyuter jamlanmalari, laboratoriya uskunalari bilan taʼminlangani nur ustiga nur boʻldi. Ayniqsa, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan 260 nafar oʻquvchimizga maxsus eshitish moslamalari taqdim etilganidan bolalarning quvonchi cheksiz.

Bugun “Bogʻkoʻcha” mahallasida joylashgan ushbu maxsus maktab-internatning koʻrkam qiyofaga kirgan binosini foydalanishga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari yurtimizda inson qadrini ulugʻlash yoʻlidagi keng qamrovli ishlar, xususan, aholining jismoniy imkoniyati cheklangan qatlamiga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor va gʻamхoʻrlikdan mamnuniyat izhor qildilar.

Taqdimot marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер