Uchkoʻprikda 43 yoshli xavfli retsidivist oʻgʻirlik sodir etdi
Joriy yilning 11-mart kuni Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida muqaddam bir necha bor sudlangan xavfli retsidivist oʻgʻirlik sodir etdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, bunga qadar 5 marta sudlangan 43 yoshli fuqaro Gʻ.P. mast holatda A.A.ga tegishli bahosi 1 mln soʻmlik velosipedni yashirin ravishda talon-toroj qilgan.
Shundan soʻng u uyiga yetib kelib mastligi sababli darhol uxlab qolgan. Kechasi uyqudan turib velosipedni yashash xonadonining qurilishi bitmagan xonasiga olib kirib qoʻygan.
Holat boʻyicha oʻtkazilgan sud majlisida aybiga toʻliq iqror boʻlgan Gʻ.P. velosipedni egasiga qaytarib bergani, hozirda yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganini bildirgan. Shuningdek, u qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini aytib, suddan yengillik berishni soʻragan.
Majlisda sudlanuvchi Gʻ.P.ning ishi har tomonlama koʻrib chiqilib, u Jinoyat kodeksining 169-moddasi (Oʻgʻrilik) 3-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sudda unga qonun sanksiyasida koʻrsatilgan tartibda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Fargʻona viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Nodirjon Raimqulovning qoʻshimcha qilishicha, qilgan ishidan pushaymon boʻlgan Gʻ.P. oʻziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishini soʻrab viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan. Biroq uning shikoyati qanoatlantirishsiz, tayinlangan jazosi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring