“U shunchaki zerikdi” – Tramp Eronga qarshi urushni tugatishga qaror qildi
Illyustrativ foto
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy operatsiyani tugatishga tayyor, chunki mojaro choʻzilib, rejalashtirilgan toʻrt-olti haftadan oshib ketishi mumkin. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri Oq uydagi manbalarga tayanib xabar tarqatdi.
Nashrning yozishicha, Tramp oʻz yordamchilariga Hoʻrmuz boʻgʻozini kemalar uchun yopiq holda qoldirish orqali Eronga qarshi “Epik gʻazab” operatsiyasini tugatishga tayyorligi haqida maʼlum qilgan. Oq uyning yuqori lavozimli amaldori Tramp “Erondan biroz zerikkanini” va oldinga harakat qilishda davom etish niyatida ekanligini aytgan. Biroq, bu fonda AQSH Yaqin Sharqdagi harbiylari sonini oshirmoqda.
“Soʻnggi kunlarda Tramp va uning yordamchilari boʻgʻozni ochishga urinish mojaroni uning toʻrt-olti haftalik rejasidan tashqariga choʻzishi mumkin, degan xulosaga kelishgan”, – deya yozadi nashr.
Oq uyga koʻra, Vashington endi oʻzining asosiy maqsadlariga erishishi kerak: Eronning dengiz floti va raketa zaxiralarini zaiflashtirish, harbiy harakatlarni cheklash va bir vaqtning oʻzida Tehronga erkin savdo oqimini tiklash uchun diplomatik bosim oʻtkazish.
“Agar bu muvaffaqiyatsiz boʻlsa, Vashington Yevropa va Fors koʻrfazidagi ittifoqchilaridan boʻgʻozni qayta ochishda tashabbusni qoʻlga olishni talab qiladi”, – deya taʼkidlagan nashr manbalari.
Nashr bunday pozitsiya Eronning Hoʻrmuz boʻgʻozi ustidan nazoratini kuchaytirishi va uni qayta ochish boʻyicha “murakkab operatsiya”ni keyinga qoldirishi mumkinligiga ishonadi. Biroq, AQSH prezidenti harbiy variantlarni ham koʻrib chiqishi mumkin, ammo manbalarning taʼkidlashicha, ular uning uchun ustuvor emas.
Bir kun oldin, Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt Vashington 6-aprelgacha Tehron bilan kelishuvga erishishini kutayotganini eʼlon qildi. Agar bu kelishuv rad etilsa, Tramp Eronga “jahannamni yuborishi” haqida ogohlantirgan.
Shunga qaramay AQSH Yaqin Sharqqa qariyb 3500 dengiz piyodalari va dengizchilari, shuningdek, transport va zarba beruvchi qiruvchi samolyotlar, havo hujumi samolyotlari va taktik vositalarini olib kelgan. “The New York Times” gazetasining xabar berishicha, ayni paytga kelib Yaqin Sharqdagi AQSH qoʻshinlari soni 50 000 nafardan oshgan. Shu fonda Tramp “Erondagi neftni egallab olishni” xohlayotganini va respublikaning eng yirik neft terminali joylashgan Xarg orolini nazorat qilishni qoʻlga kiritishi mumkinligini aytdi.
“The Washington Post” gazetasining xabar berishicha, AQSH Eronga qarshi quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu “bir necha hafta” yoki “bir necha oy” davom etishi mumkin. Nashr manbalarining taʼkidlashicha, rejalar Xarg orolini egallab olish va Hoʻrmuz boʻgʻozi qirgʻogʻida reydlar oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Biroq, bu masalada Trampning roziligi olingan yoki yoʻqligi hozircha nomaʼlum.
MS NOW nashri AQSH Mudofaa vazirligi oʻz qoʻshinlarini Yaqin Sharqqa Trampning urushda “allaqachon gʻalaba qozongan” degan “qarama-qarshi va real boʻlmagan” bayonotlari fonida joylashtirayotganini taʼkidladi. Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri bunday ritorika AQSH rahbarining “shunchaki gʻalabani eʼlon qilish va oldinga siljish” istagidan kelib chiqishini aniqladi.
“Tramp Erondan biroz zerikdi. Gap shundaki, u bundan afsuslanmaydi – u shunchaki zerikdi va oldinga harakat qilishni xohlaydi”, – degan manba nashrga.
Boshqa bir amaldor Tramp mojarodan “uzoqlasha” boshlaganini taʼkidladi. Oq uy rahbari suhbatlari va shaxsiy manfaatlarini iqtisodiyot, ichki muammolar va yaqinlashib kelayotgan oraliq saylovlarga qaratadi, deya qoʻshimcha qildi u.
Oʻz navbatida, Axios portali jurnalistlari mart oyining boshidan beri Tramp Eronga qarshi operatsiyani tezda tugatish ehtimoli haqida 12-marta ishora qilayotganini hisoblab chiqqan.
AQSH Isroil bilan birgalikda 28-fevral kuni Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ikki tomon Tehronning yadroviy rivojlanishi keltirib chiqaradigan “mavjudlik tahdidi”ni zararsizlantirish niyatida ekanligini tushuntirdi. Bunga javoban Eron Isroil va Yaqin Sharqdagi AQSH bazalariga hujumlar boshladi.
AQSH bilan muzokara olib borilmayapti – Eron elchisi
AQSH va Isroilning Eronga boshlagan urushiga bir oydan oshdi. Keskinlik davom etar ekan, Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Anjumanda maʼlum qilinishicha, 28-martga qadar boʻlgan davrda mamlakatda 281 nafar maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari halok boʻlgan, tan jarohati boʻlgan xotin-qizlarning soni esa 4 ming nafarga yetgan.
Shuningdek, bir oy mobaynida 93 233 ta noharbiy obyekt, 600 ta maktab va boshqa taʼlim muassasasi, 370 ta shifoxona va shoshilinch tibbiy yordam markazi vayron qilingan, 43 ta shoshilinch tibbiy yordam mashinasiga jiddiy zarar yetgan.
Shuningdek, Eron va AQSH oʻrtasida xabarlar almashinuvi borligi maʼlum qilindi.
“Soʻnggi kunlarda AQSH tomonidan ayrim doʻst davlatlar orqali urushni toʻxtatish uchun muzokaralarni boshlash iltimosi bilan murojaatlar yetkazildi. Shunga qaramasdan bizning davlatimiz oʻzining prinsipial pozitsiyasidan kelib chiqib, kerakli tarzda ushbu murojaatlarga javob berdi. Ushbu javoblarda jiddiy tarzda ogohlantirildiki, Eronning hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan infratuzilma inshootlariga boʻlgan har qanday hujum ogʻir oqibatlarga olib keladi. Xususan, taʼkidlandiki, energetika obyektlariga boʻlgan har qanday hujum Eron harbiy kuchlarining qatʼiy, tez va taʼsirchan reaksiyasiga sabab boʻladi. Shuningdek, aniqlik kiritib oʻtamizki, ushbu tiqishtirilgan urush boshlanganidan shu kunga qadar AQSH bilan hech qanday muzokara yoki muloqot amalga oshirilgan emas”, – deyiladi elchixona bayonotida.
Shu bilan birga elchi Hoʻrmuz boʻgʻozi kemalar uchun ochiqligini, faqat AQSH va Isroilga tegishli kemalarga cheklov borligini maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring