U kunlar hech kimning boshiga tushmasin

11:26 02 May 2018 Jamiyat
2158 0
Foto: sputniknews-uz.com

Do‘stlik, birodarlik haqida so‘z ketsa, Ikkinchi jahon urushining suronli yillari yodimga tushadi. Men unga salkam o‘n to‘qqiz yoshimda Ukraina tuprog‘ida ro‘baro‘ kelganman. 1944 yil og‘ir yaralanib, ortga qaytguncha, uch yil turli millat va elat vakillari bilan janggohlarda jon olib, jon berdik.

Tilimiz, dinimiz turlicha bo‘lsa-da, yagona maqsad bizni o‘z atrofiga birlashtirgan edi. Keyinchalik ham o‘sha do‘stlarim bilan uzoq yillar xat-xabar almashib turdik.

Hech qachon esimdan chiqmaydi: 1944 yili mina parchasi chap bilagimning yarmini yulib ketdi. Ko‘p qon yo‘qotdim, dala gospitali joylashgan qishloq aholisi katta insoniylik ko‘rsatib, menga qon berishdi. To oyoqqa turgunimcha holimdan xabar olishdi...

Frontdan qaytib, ona-qishlog‘imda ellik yil bolalarga tarix fanidan dars berdim. Olis o‘lkalarga front orti yordamini jo‘natgan yurtdoshlarimiz matonati, o‘zi to‘yib yemay, bir tishlam nonini jang maydonlaridagilar bilan baham ko‘rgan xalqimiz jasorati haqida yoshlarga ko‘p bor hikoya qilganman. Jumladan, 14 nafar turli millat vakillaridan iborat go‘daklarni o‘z bag‘riga olgan Shoahmad Shomahmudovlar oilasini misol qilib keltirganman. Ular sharafiga poytaxtimiz markazida tiklangan haykal va ushbu maydonning “Xalqlar do‘stligi” deb atalishini ezgulikka azaliy ehtirom timsoli, deya ta’riflardim.

Davlatimiz rahbarining mazkur haykalni o‘z o‘rniga qaytarish hamda metro bekati va san’at saroyining dastlabki nomini tiklash to‘g‘risidagi topshiriqlarini biz, urush faxriylari katta mamnuniyat bilan qabul qildik. Zero, do‘stlik va birodarlik Yer yuzini fashizm degan balo changalidan ozod qilgan edi.

Tursunqul ERGASHEV,
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.

Nurota tumani
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер