“Tut sayli” – gastronomik turizm rivojiga xizmat qiladi

12:11 07 May 2024 Jamiyat
447 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Koʻhna Buxoro koʻchalarida 80-90 yoshli tutlar bor. Hozir ayni tut pishigʻi emasmi, ayrim xorijiy sayyohlar uning mevasidan tatib koʻrishayotganiga koʻzingiz tushadi.

– Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasidan keldik, – deydi oʻzini Lyudmila Andreyeva deya tanishtirgan sayyoh. – Buxoro ertaknamo shahar ekan. Uni tomosha qilayotib umrimda ilk marta mana bu oppoq tusli mevadan yeb koʻrdim. Juda mazali ekan.

Mehmonning aytganicha bor.Oq tut – sershira. Mazasi ogʻzingizda qoladi. Muhimi, u salomatlik uchun foydali. Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi vrachi Baxtigul Ahmedovaning taʼkidlashicha, tut mevasi immunitetni mustahkamlaydi. U ayniqsa, aqliy mehnat bilan shugʻullanayotgan kishilar uchun koni foyda. Chunki tarkibida fosfor moddasi koʻp. Kaliy, kalsiy, rux kabi salomatlik uchun suv va havodek zarur moddalarga boy boʻlgani bois biz uni homilador ayollarga ham tavsiya etamiz. Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tut vositasida qator kasalliklarni davolagan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Sirasini aytganda, tut ona – tabiatning bizga inʼom etgan noyob neʼmati sanaladi. Bargi ipak qurti uchun asosiy ozuqa hisoblanadi. Pillani qayta ishlash esa bilasiz, noyob ipak matolar ishlab chiqarish imkonini beradi. Gʻijduvonlik ustalar tut daraxtidan beshik tayyorlash hadisini olishgan. Negaki, unga qurt – qumursqa yaqinlasha olmaydi. Hamyurtimiz Davron Toshev tut shoxlari poʻstlogʻidan qadimiy usulda qogʻoz ishlab chiqaryapti, ularga miniatyura asarlarini tushirmoqda. Bozorlarda esa hozir marvaridday tovlanib turgan tut savdosi avjida ekanini koʻrish mumkin. Shunday ekan, xorijiy mehmonlar uchun tut sayli tashkil etilsa ayni muddao boʻlardi. Qolaversa, tabiatning oʻzi shunday imkoniyat yaratgan: tut sayyohlik mavsumi avj pallasida – may oyi boshida pishadi.

– Bu fikrga qoʻshilaman, – deydi Buxoro shahrida yashovchi mehnat faxriysi Bahodir Toʻrayev. – Tut mayizi, undan tayyorlangan holva, shinni, qiyomni aytmaysizmi? Afsuski, hozirgi yoshlarning aksariyati ekologik toza bu yeguliklar haqida tushunchaga ega emas. Mabodo, tut sayllari tashkil etilsa, undan tayyorlanadigan turli pishiriqlar anʼanasi qayta tiklanar, bu neʼmat yana oʻz qadru qimmatini topgan boʻlur edi. Bolaligimizda buvilarimiz tutdan holva tayyorlashgani, mayizi esa qishda biz uchun darmondori boʻlganini yaxshi eslayman.

Darhaqiqat, sayyohlar uchun tut sayli tashkil etish foydadan xoli emas. Shunday qilinsa, u gastronomik turizmning bir yoʻnalishiga aylanar, yurtimiz sayyohlik salohiyatining yanada oshishiga olib kelardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер