Turtki

12:15 12 Fevral 2021 Jamiyat
1298 0

Barchaning xabari bor, oʻtgan kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlariga bagʻishlangan mashvarat boʻlib oʻtdi. Unda muhokama qilingan masalalarning Vatan ravnaqi, millat kamolotiga qoʻshadigan hissasi qanchalar salmoqli boʻlajagi hali juda koʻp oʻrganiladi. Bu borada fikr yuritish, tafakkur qilish alohida, chuqur mavzu.

Ayni chogʻda men yigʻilish jarayonida davlat rahbari bir necha marta takrorlagan bittagina — “turtki” degan soʻz va undan olgan taassurot hamda xulosalarimni siz bilan oʻrtoqlashgim keldi.

Odam zotining, boshqalarniku qoʻyavering, baʼzan, hatto oʻzini ham tushunolmay qoladigan feʼli bor. Boʻl­masa, mazkur majlisda ­Prezident tomonidan necha ming-minglab soʻzlar aytildi, qancha maqollar, hikmatlar, obrazli iboralar jarang­ladi. Meni esa, nima uchundir mana shu “turtki” oʻylatib qoʻydi. Prezident lafzida bu ibora goh dard, gohida ­daʼvat boʻlib yangragani uchunmi, bolaligim, oʻqigan, eshitganlarim esga tushdi.

...Yoshligimizda somon yanchardik. Bu yumushni ayni saratonda — quyosh tos tepangda tandirday qizdirib turgan toltush ­paytlari bajarmasang, somon eshaklar tuyogʻi ostida bovliqday eshilib yotaverardi. Biz toʻrt-besh eshakni boʻynidan bir-biriga motab, peshonadan shovullab oquvchi shoʻr terga koʻmilgan koʻyi, eshaklarni xalalab xoʻp yancharkanmiz, issiq elitganda mudrab, yalangʻoch hayvon ustida qal­qib-qalqib ketgan paytlarimiz boʻlardi. Shunda panshaxa bilan xirmon tevaragiga sochilgan savorani tuyoqlar ostiga himarib turgan rahmatlik otamning yonimdagi eshakka minvolgan akamga: “Hey, Abduvali, ukangni turtib qoʻy, yoʻgʻasam, hozir agʻnap ketadi!” degan turtkisi darrov esimni joyiga tushirib qoʻyardi.

Shunday. Bir turtki mudragan odamni ilkis sergaklantiradi. Jilgʻa yoʻlini toʻsib turgan toshni olib tashlash ham turtki. Bemorning jonini asrab qolgan bir tomchi suv zamirida ham muqaddas hayotiy turtki bor.

Mudroq jamiyat ham bitta turtkiga muhtoj boʻladi gohida. Moziyda bunga misollar koʻp. Oʻzimiz ham uzoq yillar uyqusirab yurganimizni endi tan olyapmiz. Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning Strategiyasi Oʻzbekiston uchun ­uygʻonish qoʻngʻirogʻi — hayotiy turtki boʻlganini ham endi-endi tushunib yetyapmiz.

Shunday boʻlsada, bu turtkidan keyin hamma baravariga otlarini yeldirib ketgan emas. Toʻgʻri, uygʻongan zahoti yonidagilarni, tanish-bilishlarni, doʻstu birodarlarni ham turtib, oldinga undagan, qiyinchiliklarga, turli sinovlarga mardona koʻkragini tutganlar koʻp boʻldi. Lekin baʼzilar mudroq koʻzlarini ochdiyu, erinchoqlik bilan kerishib qoʻyib yana koʻrpasiga burkanib oldi. Kimdir yugurib ketayotganlarni beparvo kuzatib turdi. Kimdir bir turtki bilan ish bitarmidi, buyam navbatdagi kampaniyabozlikdirda, degan oʻyda sovugan choyini hoʻplab oʻtiraverdi. Tushunmay, eʼtibor bermay, qiziqsinmay, pinagini buzmay, bir tuki qilt etmaganlar ham boʻldi. Chirigan bargixazon tagida dunyodan hafsalasi pir boʻlgan koʻlmaklar esa orom-halovatini buzganlardan qattiq ranjidi. Kalaka-piching, masxara qilganlar uchradi... Uchradi, shu turtkidan foydalanib, oʻzlarini ishchan, vatanparvar, tadbirkor qilib koʻrsatish orqali, choʻntaklarini qappaytirib olish payiga tushgan munofiqlar ham. Lekin, ming afsuski, bunday kimsalar sahnaga chiqish uchun qosh-koʻzga oʻsma-surma qoʻyishning oʻzi kifoya emasligini, buning uchun uquvsiz aktyor emas, chinakam fidoyi boʻlmoq kerakligini hali anglamas edilar. Shul bois jamiyat bunday oʻylovdagilarni birin-ketin suv betidagi koʻpik misoli ­qirgʻoqlarga chiqarib tashladi.

Ammo bugun shunisi ayon boʻlib turibdiki, oʻsha turtki Oʻzbekiston degan yurtda yashayotgan yuragida armoni, gʻayrati, Vataniyu millatiga muhabbati boʻlgan kishilarning hammasini qoʻzgʻatib, toʻlqinlantirib yubordi. Butun ahli olam koʻrib turgan bu mislsiz evrilishlar, nazarimda, ortiqcha taʼriflashga muhtoj emas...

Yana mashvaratga qaytaman.

Sogʻliqni saqlash vaziri tizimda boʻlayotgan izlanishlar toʻgʻrisida gapirayotib, Namangandagi xayrli ishlarga toʻxtalganda, davlat ­rahbari xursand boʻlganidan: “Shifokorlarga Xudoyim ­insof bergani rost boʻlsin!” deya suyunib ketdi. Soʻngra, Samarqandda hokim boʻlgan vaqtida, ­Ishtixon tumanidagi vaziyat ham sogʻliqni saqlashdagi kabi ogʻir boʻlgani, ularni harakatga keltirish qiyin kechgani va hatto, Ishtixon haqida sheʼr yozdirganini esladi. “Bu yerda ­Xayriddin Sultonov ishtirok etyapti, siz ham shifokorlarga xudoyim insof bergani chin boʻlsin, degan sheʼr yozing”, dedi miyigʻida kulib. Yarim­hazil, yarimchin tarzida aytilgan bu soʻzlar zamirida, nazarimda, nafaqat sogʻliqni saqlash xodimlari, balki barcha qalam ahlini ham shijoatga undovchi turtki — daʼvat mujassam.

Hammaga ayon, tibbiyotimizda mislsiz yangilanishlar sodir boʻldi. Eng zamonaviy asbob-uskunalar olib kelindi, oʻnlab yangi poliklinikalar, oilaviy salomatlik markazlari, sanatoriylar qurildi, xodimlarning oylik maoshi oshirildi. Ammo sohada kamchiliklar hali oz emas. Eng yomoni — tanish-bilishchilik, qoʻpollik, tamagirlik, savodsizlik, poraxoʻrlik davom etyapti. Albatta, uzoq yillik chirigan ildizlarni tuproq ostidan topib, kesib tashlash oson emas. Tomirdagi loyqa qon bir-ikki osma ukol bilan toza boʻlib qolmagani singari, bunday kasallikni ham bir kun yoki bir yilda davolash amrimahol.

Endi Prezidentning sheʼr yozishga doir topshirigʻi haqida.

Avvaldan aytaman, bu oʻrinda gap yaqinda yuzdan ziyod yozuvchilarga yangi uylar berilgani, jahonda muqobili boʻlmagan Adiblar xiyoboni barpo etilgani yoxud ardoqli adiblar nomida ijod maktablari tashkil etilgani haqidagina emas, balki jamiyatning ochilgani, soʻz erkinligi taʼminlanayotgani toʻgʻrisida edi. Axir kechagina bilib-bilmay aytgan bir kalima soʻzi uchun yillab na televizor, na gazeta-jurnal ostonasiga yoʻlatilmagan ijodkorlarni koʻrdikku! Hozirgidek dorilamon kunlarda qalamkashning soʻzi xuddi tungi mashʼala kabi lovullab turmogʻi zarur. Uning yozganlari yuraklarga joʻshqin ruh, ertangi kunga ishonch, Vatanga muhabbat tuygʻularini toʻlqinlantirmogʻi kerak. ­Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov bekorga: “Temur tigʻi yetmagan joyni, qalam bilan oldi Alisher” demagan! Prezident yozuvchilarning faol boʻlishini astoydil istayotganining bir jilosi edi bu. Sizu bizni millat ruhini mavjlantiruvchi asarlar yaratishga undash!

Majlisda kadrlar muammosiga alohida toʻxtalindi.

“Yaqinda Namanganga boraman, — dedi ­Prezident. — Soʻrov qattiq boʻladi. Aravani tortmaydiganlarning bahridan oʻtishga majbur boʻlaman”. Bu gaplarni aytayotganda, ovozida qanchalar armon va azob silqib turganini sezmaslik mumkin emas edi. Axir bitta niholni oʻstirish qanchalar qiyin. Bitta rahbarni voyaga yetkazishchi?! Bir yilmas, bir oyning ichida Kogonda toʻrtta rahbar — hokimi bosh, Fargʻona shahrida toʻrtta rahbar — hokimi bosh, olib tashlandi. Va, yana bir nechta tuman hokimlari, viloyat hokimi, vazir vazifasidan ozod qilindi. Bularning har biriga qanchadan-qancha mehnati, mehri singgan ekan davlat rahbarining! Osonmi, oʻz farzandingday, ukangday boʻlgan shogirdlaringga qattiq gap aytmoq. Oʻz yarangga tuz sepish bilan barobar emasmi? Biroq odamlarni turtsin, uygʻotsin, ortidan ergashtirsin deganingning oʻziki, turtkiga muhtoj boʻlsa, turtib uygʻotsang ham koʻzini ochmasa, gʻaflat changalidan qutulmasa, qanday chidash mumkin? Axir bu tomonda butun boshli mamlakat, xalq, butun dunyo kuzatib turgan boʻlsa! Qolaversa, ozmi, “oʻzlarini Amir Temur, Mirzo Bobur, ­Manguberdi avlodlarimiz deb maqtanib yurganlarning chopishlari qayergacha borar ekan”, degan ilinjda xatomizni kutib turganlar? Okean yoki choʻlu biyobonlar ortidamas, shundoq ichimizdayam, afsuski, topiladi bunday ichiqoralar.

Mudramasin, katta oching koʻzingizni,

Oʻt-olovga aylantiring soʻzingizni.

Doʻstu yoru qarindoshni turting har kun,

Va har kuni turtib turing oʻzingizni!

Abdusaid KOʻCHIMOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер