Turkiyalik aktyor Burak Denizning giyohvand moddalar testi ijobiy chiqdi
Turkiyalik mashhur aktyor Burak Denizning narkotik moddalarga topshirgan tahlil natijalari ijobiy chiqdi. Uning organizmida kokain izlari aniqlangan, deb xabar bermoqda “AHaber” telekanali.
Aktyor joriy yilning 9-aprel kuni bir qator mashhur shaxslar bilan birga narkotik moddalarni isteʼmol qilish va tarqatishda gumonlanib qoʻlga olingan edi. Telekanal maʼlumotiga koʻra, Denizning tahlillarida marixuana va kokain isteʼmoli izlari aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, aktyor tergov davomida politsiya boʻlimida muntazam qayd etilib turish sharti bilan ozodlikka chiqarilgan. Shu kabi ehtiyot chorasi 9-aprel kuni ushlangan yana toʻrt nafar shaxsga, jumladan marixuana va kokain isteʼmolida qoʻlga tushgan aktrisa Serra Pirinchga nisbatan ham qoʻllanilgan.
Istanbul shahar bosh prokurori Fatix Dyonmezning bildirishicha, tekshiruvdan oʻtgan turkiyalik mashhurlarining 77 foizida narkotik moddalarga oid tahlillar ijobiy chiqqan. Tergov doirasida jami 250 nafardan ortiq shaxs qoʻlga olingan.
Qayd etish joiz, Turkiya politsiyasi 2025-yil oktyabridan buyon keng koʻlamli narkotiklarga qarshi reydlar oʻtkazmoqda. Bunga qadar narkotik isteʼmolini tan olganidan soʻng, “Cennetin Çocukları” seriali aktyori Ismoil Hojiogʻlu hamda “Kızılcık Şerbeti” seriali aktyori Dogʻukan Gyungyor bosh rollardan chetlatilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring