Turkiyada yuz bergan zilzila qurbonlari soni 19 388 kishiga yetdi. Suriyada ham vaziyat juda yomon
Foto: Reuters
Turkiya va Suriyada yuz bergan zilzila qurbonlar soni ortib bormoqda.
Jumladan, Turkiyada yer silkinishi oqibatida hayotdan koʻz yumganlar soni 19 388 kishiga yetgan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan aytib oʻtdi. Shuningdek, 77 ming nafardan ortiq odam tan jarohati olgan.
Favqulodda xizmatlar qidiruvni davom ettirmoqda. Xususan, Turkiyaning Hatay viloyatida qutqaruvchilar zilziladan 90 soat oʻtib vayronalar ostidan 10 yoshli qizchani olib chiqib ketishgan.
Turkiyada 6-fevral kuni tongda Qahramanmarash viloyati hududida 7,7 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, bu 1939-yildan beri mamlakat hududida yuz bergan eng kuchli yer silkinishi hisoblanadi. Turkiyada 12-fevralga qadar butun mamlakat boʻylab motam eʼlon qilindi.
Prezident Bashar Asad Suriyadagi zilziladan keyingi vaziyatni halokatli deb atadi.
“Suriyadagi vaziyat halokatli, ammo bu mamlakat qilayotgan ishlar uning imkoniyatlaridan ham kattaroq”, deydi mamlakat rahbari.
Uning soʻzlariga koʻra, mutaxassislar zilziladan zarar koʻrgan hududlarni tiklash va odamlarga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi. Oʻz navbatida, Asad barcha davlat zaxiralarini ushbu hududlarga yuborishga vaʼda berdi.
Suriya prezidenti, shuningdek, Gʻarb zilzila fonida vaziyatni siyosiylashtirayotganini taʼkidladi.
“Gumanizmga kelsak, u oʻtmishda ham, hozir ham yoʻq edi”, deydi Asad.
Bashar Asad bugun Suriyaning eng yirik shahri Aleppoga safari chogʻida mahalliy shifoxona va qidiruv-qutqaruv tadbirlari olib borilayotgan joyda boʻldi.
Avval xabar berganimizdek, Turkiyada 6-fevral kuni 7,8 va 7,7 magnitudali ikki zilzila sodir boʻldi. Bu mamlakatda 1939-yildan beri yuz bergan eng kuchli yer silkinishi hisoblanadi. Tabiiy ofat taʼsiri Suriyaning bir qancha mintaqalari, shuningdek, Livan, Iroq va Kiprda ham sezildi. Bu davlatlar ichida eng katta talafot Suriyada kuzatildi. Bu yerda tabiiy ofat tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni 3 ming nafardan oshgani aytilmoqda. Shu munosabat bilan BMT gumanitar yordam joʻnatish uchun Suriyaga nisbatan sanksiyalarning bir qismini bekor qilishga chaqirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring