Tuproq unumdorligini oshirishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan ishchi guruh yigʻilishi oʻtkaziladi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilgan tuproq-baholash va tuproqshunoslikka oid tadqiqotlar natijasida sugʻoriladigan yerlarning qariyb 53,2 foizi turli darajada shoʻrlangan, geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilgan 5,7 mln. gektar yaylovlarning 10,8 foizi turli darajada degradatsiyaga uchragan.
Qonun loyihasida tuproqni muhofaza qilish, holatini yaxshilash, unumdorligini saqlashda masʼul vazirlik va idoralar, ayniqsa fuqarolarning vakolat va huquqlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasini takomillashtirishda yuqorida aytib oʻtilgan holatlarni bartaraf etish, tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilishning huquqiy asoslarini aniq mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratishyapti. Deputatlar bergan takliflar asosida undagi normalar maromiga yetkazilmoqda.
Xususan, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga taʼsir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish masalalarini ham qonunda belgilash ishchi guruh yigʻilishida atroflicha koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi tuproqlar unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, toza tuproqda sifatli va xavfsiz mahsulot yetishtirishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring