Tungi klubda bir necha kishini kaltaklagan shaxs Qozogʻistondan ekstraditsiya qilindi
Foto: Toshkent shahar IIBB
Toshkentdagi tungi klubda sherigini himoya qilishga uringan erkak ayovsiz kaltaklanishi oqibatida komaga tushib qolgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur jinoyatni sodir etgan erkak tergovdan qochib, qoʻshni Qozogʻistonda qoʻlga olinganidan soʻng, Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati maʼlum qildi.
Bildirilishicha, hozirda Akmal Shukurov Qozogʻiston Respublikasidan Toshkent shahriga ekstraditsiya qilingan va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
“Mazkur holat boʻyicha tergov harakatlari toʻliq va xolisona olib borilib, qonun ustuvorligi va jinoyat uchun jazo muqarrarligi taʼminlanadi”, deyiladi IIBB xabarida.
Mushtlashuv joriy yilning 16-mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida yuz bergan. Unda 30 yoshli A.Sh. oʻzining 40 yoshli tanishi X.A. bilan tortishib qolib, oʻzaro janjallashgan. Bu vaqtda 35 yashar B.A. ularni ajratishga harakat qilgan, biroq A.Sh. uni urib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda B.A. “bosh miya jarohati, oʻng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan.
Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring