Tuman va shahar hokimi haftada bir kunni albatta maktabga bagʻishlashi kerak — Prezident

03:32 01 Oktyabr 2020 Siyosat
1498 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida joylarda rahbarlarning taʼlim-tarbiyaga eʼtibori xususida ham toʻxtalib oʻtdi.

"Xabaringiz bor, bir yil oldin oʻtkazilgan selektor yigʻilishida xalq taʼlimini rivojlantirishni umummilliy maqsad, umumxalq harakati sifatida belgilab olgan edik. Ushbu harakat doirasida barcha pogʻonadagi rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari maktablarni otaliqqa olgan edi. Shundan soʻng hokimlarimiz “urra-urrachilik” bilan bir muddat maktabga kirgandek boʻldi, buni “oynai jahon”da namoyish ham qildi. Lekin shu bilan tamom – maktab esimizdan chiqdi.

Takror aytaman, bugun maktabga kirmagan, maktabning, yosh avlodning dardu tashvishlari bilan yashamagan rahbarni ertaga hayotning oʻzi qabul qilmaydi.

Hozirgi vaqtda qishloq xoʻjaligi sohasida ham institutsional islohotlar olib borilmoqda. Endi hokimlar ish vaqtining faqat 10-15 foizini qishloq xoʻjaligi sohasiga sarflaydigan sharoit vujudga kelmoqda. Qolgan vaqtda ular ijtimoiy masalalar, avvalo, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat bilan bevosita shugʻullanishlari lozim.

Mana, har bir hokim yoki uning oʻrinbosarlari hamma fermerlarni nomma-nom biladi. Lekin maktab direktorlarini, ilgʻor sinf rahbarlarini, faol oʻqituvchilarni-chi? Bugun bu borada qaysi hokimni ibrat, namuna qilib koʻrsata olamiz? Afsuski, javob yoʻq.

Shundan kelib chiqqan holda, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi haftada bir kunni albatta maktabga bagʻishlashi kerak.

Maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashimiz lozim. Maktab – faqatgina taʼlim beradigan maskan emas, barchamiz uchun yuksak maʼnaviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga oʻrgatuvchi dargohga aylanishi zarur", dedi davlatimiz rahbari.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер