Tojikiston elchisi - Fargʻonada

18:11 08 Fevral 2023 Jamiyat
802 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodani qabul qildi.

Samimiy muloqotda Fargʻona viloyati hamda Tojikiston hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda oʻzaro tadbirkorlik koʻlamini kengaytirish, sanoat, qishloq xoʻjaligining paxtachilik, pillachilik va bogʻdorchilik tarmoqlari, turizm hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha fikr almashildi.

Taʼkidlanganidek, 2021-yili Fargʻona va Soʻgʻd viloyatlari oʻrtasida imzolangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”, Fargʻona viloyati delegatsiyasining 2022-yil 8-9-sentyabr kunlari Tojikistonning Soʻgʻd viloyatiga tashrifi hamda bu borada imzolangan kelishuvlar hududlararo hamkorlikni jadallashtirishga zamin yaratdi. Shuningdek, Beshariq tumanining Tojikiston bilan chegara hududida joylashgan “Andarxon” nazorat-oʻtkazish punkti yonida yaqin kunlarda qurilish ishlari boshlanadigan erkin savdo zonasi ikki tomonlama ulgurji va chakana savdoni rivojlantirishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Muloqotda qishloq xoʻjaligi va sanoat sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ikki qardosh yurt teatrlarining oʻzaro gastrollarini tashkil etish, Dushanbeda boʻlib oʻtadigan oliy taʼlim muassasalari xalqaro forumida Fargʻona viloyati OTMlari rektorlari ishtirokini taʼminlash, ziyorat va tibbiy turizm yoʻnalishlarida hamkorlik qilish borasida qator ezgu tashabbuslar ilgari surildi.

Oʻz navbatida joriy yilda Fargʻona viloyati hamda Tojikistonning Xatlon viloyati oʻrtasida hududlararo hamkorlik oʻrnatish boʻyicha ham kelishib olindi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер