Toshkentda Oʻzbekiston–Ozarbayjon birinchi mintaqalararo forumi boʻlib oʻtadi
Foto: Illustrativ foto
Joriy yilning 16-fevral kuni “Boʻlajak mintaqalararo forum oldidan joriy savdo-iqtisodiy munosabatlar” mavzusida Boku – Toshkent videokoʻprigi boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Ozarbayjonning “Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi bilan hamkorlikda, mamlakatimizning Bokudagi elchixonasi va “Sputnik Ozarbayjon” xalqaro axborot agentligi koʻmagida tashkil qilindi.
Anjumanda ikki davlat tahliliy markazlari yetakchi ekspertlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Joriy yil 23-24-fevral kunlari boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston va Ozarbayjon mintaqalararo forumi oldidan oʻziga xos ekspert muqaddimasiga aylangan ushbu uchrashuv koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va oʻsish surʼatini tahlil qilish, strategik sheriklikni chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashish imkonini berdi.
Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabat rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qoʻygani, tobora “strategik teranlik” kasb etib borayotganini alohida taʼkidladilar.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2022-yildagi Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakuni boʻyicha keng koʻlamli kelishuvlarga erishilgani, boʻlib oʻtgan muzokaralar birgalikdagi saʼy-harakatlarning yuqori oʻsish nuqtalarini belgilab, maqsadlarga erishish omillarini koʻrsatib bergani qayd etildi.
Ayniqsa, Toshkent va Boku allaqachon hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini, jumladan, tijoriy aloqani kengaytirishga kirishgan. Bu energetika, transport, aloqa, mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatida, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Tadbir davomida ozarbayjonlik ekspertlar tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi munosabatning bugungi holati va istiqboli bilan oʻrtoqlashdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring