Toshkentda oilaviy qadriyatlarni ulugʻlovchi mural paydo boʻldi
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi jamiyatning maʼnaviy va madaniy qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda.
Yaqinda Yangihayot tumani hokimligi koʻmagi bilan “Ziyo Forum” fondi va “BI Group” qurilish xolding hamkorligida yangi mural yaratildi.
Mazkur sanʼat asari shaharni bezash bilan birga oilaning bebaho oʻrni, avlodlar davomiyligi va qadriyatlarning ahamiyatini eslatib turuvchi ramziy ifoda, desak, mubolagʻa emas. Unda oilaviy bogʻliqlikning samimiy lahzasi — yosh ayolning mehr va iliq tabassum bilan stulda turgan kichkina qiziga qarayotgani tasvirlangan. Unda qizaloq goʻyo onasiga uy ishlarida yordam berishga hozirlik koʻrayotgandek tuyuladi, bu esa mehnat, muhabbat va hurmat ramzidir.
Asosiysi, ushbu kompozitsiya uy iliqligi, samimiyat va oilaviy munosabatlarning nafis uygʻunligini oʻzi aks ettirgan boʻlib, unda sharqona naqshlar zamonaviy detallar bilan birlashgan, bu esa oʻtmish va bugunning uygʻunligini ham ifodalaydi.
Umuman olganda, bu manzaraga qaragan har bir inson uni kutayotgan uyi, mehribon yaqinlarini oʻylaydi, haqiqiy baxt oddiy, ammo samimiy lahzalarda ekanini eslaydi. Shahrimizni bezagan bu rasm oila — bizning tayanchimiz va nurimiz ekanini yodga solib turishiga shubha yoʻq.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring