Toshkentda “Lacetti” 38 yoshli piyodani urib ketdi
Videodan kadr
Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Lacetti” yoʻlni kesib oʻtayotgan piyodani urib yubordi. Bu haqda poytaxt Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, voqea bugun, 9-aprel kuni taxminan soat 09:00 larda Yangihayot tumani Qurgʻontepa koʻchasida, “Sam moyka” avtomobil yuvish shoxobchasi qarshisida yuz bergan. 33 yoshli haydovchi “Lacetti” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib, tartibga solingan piyodalar oʻtish joyidan svetofor orqali yoʻlni kesib oʻtayotgan 38 yoshli piyodani urib yuborgan.
Yoʻl-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olgan piyodaga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda jahli chiqqan haydovchi janjaldan soʻng fuqaroni bosib ketdi” sarlavhasi bilan tarqatildi. Shahar IIBB YHXB esa bu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi.
Unga koʻra, bu voqea yoʻl-transport hodisasi boʻlib, haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida sodir boʻlgan. Olib borilgan surishtiruv davomida qasddan odam urib yuborish holati aniqlanmagan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring