Toshkent viloyatning 8 ta hududdida “Oltiariq tajribasi” asosida uzum plantatsiyalari barpo etilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 3-avgustdagi “2023-2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-260-sonli qaroriga koʻra, respublikaning 51 ta tuman va shaharida “Oltiariq tajribasi” asosida yangi uzum plantatsiyalari va 187 ming 614 gektar maydonda yangi bogʻlar barpo etish nazarda tutilgan.
Shu maqsadda, Piskent tumanining uzumzorlari bilan tanilgan Mingtepa mahallasida boʻlib oʻtgan soha masʼullari ishtirokidagi seminarda ham zamonaviy koʻchatxonalar barpo qilish, klaster va kooperatsiya usulida uzum mahsuloti yetishtirish hamda qayta ishlash, uzum plantatsiyalarini tashkil etish va ularni moliyalashtirilish borasida soʻz bordi.
- Qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirishda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish hamda aholi xonadonlarida uzum yetishtirish keng yoʻlga qoʻyiladi,- deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev seminarda.
Tadbir davomida, Fargʻona viloyatining Oltiariq, Qoʻshtepa tumanlaridan kelgan bogʻbon va agronomlar oʻzlarining tavsiyalarini berishdi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Bekobod, Parkent, Yangiyoʻl, Zangiota, Ohangaron, Toshkent, Qibray hamda Oʻrtachirchiq tumanlarida uzum plantatsiyalari tashkil etiladi. 20 ming gektar yangi oʻzlashtirilgan yerlarga hamda kollektor yoqalari, temir va avtoyoʻl boʻylari, samarasiz bogʻlar, dala cheti, aholi xonadonlariga ekilishi taʼkidlandi. Bu yerlarga xoʻraki, kishmishbop, sanoatbop uzumlar joylashtiriladi.
Natijada, viloyatda tokzorlar maydoni 38 ming gektarga hosildorlik esa 3 barobarga oshirilishi taʼkidlandi.
500 ming tonna hosil olinib, shundan 270 ming tonnasini eksportga chiqarish hamda kamida 100 ming nafar aholini ish bilan band qilish hisob-kitoblari amalga oshirilgan.
Yana fermer xoʻjaliklari hamda aholi xonadonlari sifatli uzum koʻchatlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida, viloyatda qoʻshimcha kamida 1 ta “In-vitro” laboratoriyalari tashkil qilinmoqda. Qoʻshimcha 20 ming tonna saqlash quvvatiga ega boʻlgan muzlatkichli omborxonalar 27 ming tonna quritish omborlari tashkil etiladi.
Shuningdek, Piskent tumanida hozirgi kunda Mingtepa, Yangiobod, Birlik mahallalarida “bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida tok soʻrilarida uzum yetishtirish rivojlangan. Aholi tomorqalarida 700 gektarga yaqin uzumzorlar mavjud. Birgina Mingtepa mahallasi ham uzumchilikda oʻziga xos tajribaga ega boʻlib, bugungi kunda mavjud 575 xonadonning barchasida 140 gektardan ortiq aholi tomorqalarida “Xusayni”, “Rizamat ota”, “Kishmish”, “Charos”, “Oq chillaki”, “Qora chillaki” navli uzumlar yetishtiriladi. Prezident qarori asosida Mingtepa va Yangiobod mahallasida 1 ming 200 gektar yangi uzumzor bogʻlar barpo etiladi. Dehqon xoʻjaliklari tashkil etish niyatida boʻlgan fuqarolarga 30 yil muddatga 50 sotixdan ajratib beriladi.
Tadbirda 500 tonna sigʻimli muzlatkich, uzumni qayta ishlash sexlari qurish, agroturizm imkonityalaridan foydalanish boʻyicha yangi loyihalarni ham taqdim etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring