Toshkent viloyatida “Isuzu” yoʻlga oʻtirib olgan shaxsni bosib ketdi
Toshkent viloyatida yuk mashinasi fuqaroni urib yuborib, qochib ketgani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIBB YHXB xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 17-fevral kuni soat 23:00 larda Toshkent viloyatining Boʻka tumani hududidan oʻtgan A373 Guliston — Boʻka — Ohangaron yoʻlining 53-kilometrida yuz bergan. Yoʻl-transport hodisasini sodir etib, qochib ketgan haydovchini aniqlash yuzasidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
“Hodisa sodir boʻlgan kunning ertasi kuni gumondor va mashina topildi. Gumondor shaxs 1994-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan boʻlib, hodisani oʻziga tegishli «Isuzu” rusumli yuk mashinasida sodir qilgani maʼlum boʻldi», deyiladi YHXB xabarida.
“Qorongʻi yoʻlda oʻzimga tegishli oʻng tomon yoʻlakda 60 tezlikda ketayotgandim. Fuqaro chiziqdan sal beriroqda oʻtirib olgandi. Aylanib oʻtdim, tegmadi deb oʻylagandim”, deydi haydovchi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117 (xavf ostida qoldirish) va 266-moddalariga (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumondor ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring