Toshkent viloyatida antennalar “bellashuvi”: qayerda qanday?

11:18 29 Sentyabr 2020 Jamiyat
1034 0

Toshkent viloyati poytaxtga eng yaqin hudud boʻlib, bosh shahrimizni oʻrab turishiga qaramasdan, togʻli mintaqalarni va chekka qishloqlarni ham oʻz ichiga oladi. Toshkent viloyat hududiy birlashmasining tuman va shahar jamiyatlari tomonidan viloyat hududida respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan mobil aloqa kompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan internetning sifati va tezligini oʻrganish yuzasidan oʻtkazilgan jamoatchilik monitoringlari natijalari ayon boʻldi.

Qibray tumani

Tumandagi 88 mahallada aloqa sifati quyidagicha:

UZMOBILE va UCELL barcha hududlarda ishlaydi, yarmidan koʻpida ikki kompaniyada ham aloqa qoniqarsiz tarzda yoʻlga qoʻyilgan. BEELINE aloqasi 39 ta mahallada mavjud emas, borlari ham qoniqarsiz. MOBIUZ 12 ta, PERFECTUM esa bor-yoʻgʻi 9 ta mahallada koʻngildagidek ishlar ekan.

Piskent tumani

Eng qoniqarsiz natija PERFECTUMga toʻgʻri kelib, 27 mahalladan birortasida ham aloqa yoʻqligi koʻringan. UCELL va UZMOBILE barcha hududlarda ishlaydi, faqat ayrim mahallalar qoniqarsiz aloqa bilan taʼminlangan. BEELINE 3 ta, MOBIUZ 2 ta hududda ishlamasligi aniq boʻlgan.

 

Parkent tumani

Parkentdagi 55 mahallaning hammasida UCELL va UZMOBILEga aloqa bor. BEELINE 1 ta va MOBIUZ 2 ta hududda umuman ishlamaydi, ularda umumiy aloqaning qariyb 95 foizi qoniqarsiz ekani koʻringan. PERFECTUM kompaniyasi esa qariyb 95 foiz hududda umuman ishlamaydi.

Boʻstonliq tumani

“Oʻzbekiston Shveysariyasi”da PERFECTUM 16 ta mahallada, MOBIUZ 10 ta mahallada umuman ishlamaydi. UZMOBILE va UCELL 90 foiz hududda aʼlo darajada ishlab turibdi. BEELINE va MOBIUZda bu koʻrsatkich 60 foizga yaqin.

Chirchiq shahri

Chirchiq shahrida barcha aloqa operatorlari ishlab turibdi. UCELL va UZMOBILEga Chirchiqning 25 mahallasida aloqa yaxshi, qolgan 19 tasida qoniqarsiz. BEELINE va MOBIUZ mos ravishda 26 va 28 mahallada ishlab turibdi. Chirchiqliklar va nurafshonliklar PERFECTUM xizmatlaridan foydalanmasliklari sabab bu aloqa operatori sifati ushbu hududlarda monitoring qilinmadi.

Nurafshon shahar

22 mahalladan 13 tasida UZMOBILE va MOBIUZ yaxshi ishlaydi, qolganida ham bir navi. BEELINE 15 ta va UCELL 17 ta mahallada koʻngildagidek. Muhimi barcha hududlarda aloqa mavjud.

Olmaliq shahar

PERFECTUM Olmaliqning 39 mahallasida mavjud emas, 13 tasida qoniqarsiz, 9 tasida yaxshi ishlayapti. MOBIUZ 17, BEELINE 27 mahallada umuman ishlamasligini koʻrishimiz mumkin. Qolgan kompaniyalar barcha mahallalarda “xizmat doirasida”.

Bekobod tumani

Bekobodda monitoring qilingan mahallalarning 2 tasida MOBIUZ, 3 tasida PERFECTUM, 4 tasida UCELLga aloqa mavjud emas. Qolgan hududlarda barcha kompaniyalar, yaxshimi-yomonmi, ishlab turibdi.

Zangiota tumani

UZMOBILE va UCELL tumanning barcha hududida ishlab turibdi, ammo 50 foizdan ortigʻida aloqa sifati qoniqarsizligi koʻringan. Jami 83 mahalladan MOBIUZ 17, BEELINE 32, PERFECTUM 36 mahallada ishlamaydi.

Bekobod shahri

Bekobod shahrida MOBIUZni uncha xushlashmaydi, shekilli, bu kompaniya mijozlari aniqlanmagan. Qolgan kompaniyalar esa 90 foiz hududda aʼlo darajada ishlab turibdi.

Ohangaron tumani

Ohangaronda eng sifatli aloqa UZMOBILE tomonidan taqdim etilmoqda. 27 mahallaning 22 tasida aloqa yaxshi. Ikkinchi oʻrinda PERFECTUM boʻlib, 18 mahallada yaxshi ishladi. Xullas, MOBIUZdan tashqari barcha kompaniyalar tumanning barcha hududida ishlab turibdi

Boʻka tumani

Tumanda UZMOBILEdagina aloqa barcha hududlarda taʼminlangan. Qolgan kompaniyalarning ham hech birida sifatli aloqa bilan taʼminlanish 50 foizdan oshiq hududni qamrab ololmagan. Eng yomon natija PERFECTUMga tegishli: unda 42 mahallaning yarmida aloqa umuman yoʻq.

Yuqori Chirchiq tumani

PERFECTUM 47 mahallaning roppa-rosa 47 tasida umuman ishlamas ekan. BEELINE esa 50 foizida yoʻq, qolgan yarmida qoniqarsiz. UZMOBILE va UCELL tumandagi 50 foizdan oshiq hududda sifatsiz xizmat koʻrsatar ekan. MOBIUZ 47 mahallaning bor-yoʻgʻi 4 tasida ishlamaydi, qizigʻi, qolganida aʼlo darajada ishlab turibdi.

Aziza Xoʻjakeldiyeva,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер