Toshkent viloyati tadbirkorlik subyektlariga 522 mlrd soʻm miqdorida ortiqcha toʻlangan QQS qaytarib berildi
Foto: Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati
Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qoʻshilgan qiymat soligʻining oʻrnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan intizomli soliq toʻlovchilarga oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarishni tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Soliq toʻlovchilarni QQS toʻlovchisi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazishning yangi tartibiga koʻra soliq organlari tomonidan ularning faoliyati 7 kunlik muddatda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan oʻtkazilishi va soliq xavfining past, oʻrta hamda yuqori darajalariga ajratilishi nazarda tutilgan.
Unga koʻra:
soliq xavfi past darajada boʻlgan soliq toʻlovchilar toʻgʻridan-toʻgʻri maxsus roʻyxatdan oʻtkaziladi va hech qanday soliq nazorati tadbirlari amalga oshirilmaydi;
soliq xavfi oʻrta darajada boʻlgan soliq toʻlovchilar keyingi keladigan oʻn ikki oy ichida soliq nazoratining tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish sharti bilan maxsus roʻyxatdan oʻtkaziladi;
soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq toʻlovchilarning arizasi rad qilinishi yoki mavjud QQS guvohnomalari ushbu kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar avtomatik ravishda vaqtincha toʻxtatilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, QQS summasini hisobga olish huquqi soliq toʻlovchilarda hamda ularning kontragentlarida faol QQS guvohnomasining mavjudligi bilan belgilanmoqda.
Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, birgina Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarining 11 671 tasi qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar boʻlib, jami roʻyxatdan 161 026 ta tadbirkorlik subyektlarning 1 559 tasi soliq xavfi past darajada boʻlgan, 13 476 tasi soliq xavfi oʻrta darajada boʻlgan, 145 991 tasi soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq toʻlovchilardan iborat.
Joriy yilning oʻtgan davrida tadbirkorlik subyektlariga 522 mlrd soʻm miqdorida ortiqcha toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytarildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring