Toshkent davlat yuridik universiteti strategik rivojlantirish dasturi tasdiqlandi

20:13 18 Fevral 2022 Jamiyat
1704 0

Toshkent davlat yuridik universiteti Kuzatuv kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Yigʻilishni Kengash raisi, adliya vaziri Ruslanbek Davletov olib bordi. Unda Kengash aʼzolari, unversitet rahbariyati va talabalar ishtirok etdi.

Adliya vaziri tomonidan oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish, xususan universitet faoliyatida davlat maʼmuriy boshqaruvini keskin kamaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga mablagʻlarni jalb etish imkoniyatini kengaytirish hamda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida raqobat muhitini rivojlantirish dolzarbligi taʼkidlandi.

Shuningdek, vazir oʻtgan 10 yil mobaynida universitetning talabalar kontingenti taxminan 3 baravar oʻsganligi, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab universitet talabalariga maʼlum semestr mobaynida respublika yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir oliy taʼlim tashkilotiga oʻqish maqsadida borish imkoniyatlarini taqdim etuvchi Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi joriy etilganligi aytib oʻtildi.

Tadbirda universitet faoliyatiga oid muhim masalalar, xususan, TDYUni strategik rivojlantirish dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasi tasdiqlandi.

Unda:

— universitetni xalqaro standartlar asosida akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligini taʼminlash;

— “Universitet — 4.0” (taʼlim – ilm-fan – tijoratlashtirish – ijtimoiy loyihalar tashabbuskori) konsepsiyasiga bosqichma-bosqich oʻtish;

— yuridik taʼlim va ilm-fanning jozibadorligini oshirish, oʻqitish va boshqaruv jarayonini toʻliq raqamlashtirish

— milliy huquqiy qadriyatlarni dunyo ilmiy hamjamiyatiga tanitishga erishish mexanizmlari nazarda tutilgan.

Shuningdek, Kengash qarori bilan professor-oʻqituvchilar va xodimlarning ish haqlari va ragʻbatlantirish tizimini natijadorlikka asosan belgilash boʻyicha nizomlar tasdiqlandi. Endi xodimlar va professor-oʻqituvchilar ish haqiga ustamalar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) natijalariga qarab belgilanishi, bu tizim toʻliq raqamlashtirilgan va shaffof tarzda amalga oshirilishi belgilandi.

Yigʻilishda universitetning moliyaviy natijalari va biznes rejalariga oid masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер