Toʻraqoʻrgʻonda ehtiyojmand oilalarga koʻmak berilmoqda

11:40 24 Aprel 2020 Jamiyat
1019 0

Davlatimiz rahbari 22-aprel kuni bugunning dolzarb vazifalari mavzusida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq murakkab sharoitda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida toʻxtalib, xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Xayrli tashabbus joylarda faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Buni, jumladan, Toʻraqoʻrgʻon tumanida olib borilayotgan amaliy ishlar misolida ham koʻrish mumkin.

Tuman hokimi Zulayho Mahkamovaning topshirigʻiga koʻra, avvalo mahallalardagi daromadi oʻta past, kam taʼminlangan oilalar roʻyxati shakllantirildi. Maʼlumotlarga qaraganda, ayni paytda tumandagi 1788 ta oila, ularda yashovchi 7728 ta fuqaro ijtimoiy himoyaga muhtoj. Ushbu xonadon sohiblarining uch oy davomida qiynalmay yashashlari uchun koʻmak zarur. Mahalliy tadbirkor va saxovatpesha insonlar bu ishni faqatgina davlatning oʻziga tashlab qoʻyishni ep koʻrishmadi. Dastlabki kunning oʻzidayoq oʻnlab tadbirkorlar, tashkilot va korxonalar rahbarlari saxovat tadbirlarida faol qatnashish taklifini bildirishdi.

-Barcha fermerlarimiz xizmatga tayyor. Ular davlatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar tufayli boy boʻlishyapti, shunday ekan el boshiga ish tushgan nozik pallada qarab turisharmidi. Mendan hammalarining nomidan soʻzlashni iltimos qilishdi. Biri oziq-ovqat, boshqasi kiyim – kechaklar bilan koʻmak berishni dillagan, -deydi tuman hokimining qishloq xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Muhammadjon Appoqov.

Darhaqiqat, mardlar maydonda sinaladi. Bugungi kun ham asli bir sinov maydoni, bunday vaziyatda bir-biriga yelkadosh boʻlayotgan insonlar safi ortayotgani quvontiradi. Ulardan biri Alimardon Bozorov asli yilqichilik va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbari. U fermerlikdan tashqari Toʻraqoʻrgʻonda meva-sabzavotlarni xorijga eksport qiluvchi tadbirkor ham. Shunga yarasha anchagina dasti uzun insonlardan. Fermer Yurtboshimizning “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyonidir, degan soʻzlariga javoban xayrli ishlar koʻlamini yana-da kengaytirdi. Bir muddat avval Rossiya davlatidan 70 tonna kartoshka olib kelgan edi. Aholiga arzon narxlarda sotilmokda.

Saxovatpesha tadbirkor yaqinda Shohidon qishlogʻidagi 600 ga yaqin xonadonga 5 kilogrammdan kartoshka va boshqa mahsulotlarni yetkazdi, 200 ta ehtiyojmand va boquvchisini yoʻqotgan oilalar, yakka yolgʻizlar xonadonini alohida yoʻqladi. Ana shunday xonadonlardan birida yashovchi 2017-yil Aktobeda avtobus yonib ketishi natijasida ikki nafar norgʻul nabirasidan ajrab, uning armoni hamon qalbidan arimagan 80 yoshli Husniddin ota Isomiddinov bu kunlarni sinovli deb bilib, hayotda oʻlim boʻlmasa barchasini birgalikda yengish mumkinligini aytib hammani duo qildi.

Shunday qilib, oldinda turgan uch oy davomida faol koʻmak olishi lozim boʻlgan toʻraqoʻrgʻonlik oilalar maʼlum boʻldi. Aytish mumkinki, ulardan hech birining roʻzgʻori aslo oqsab qolmaydi, ishsizlikdan qiynalayotganlar esa oʻziga mos yumushga jalb etiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

 “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер