Toʻraqoʻrgʻonda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3 ming 669 nafar xotin-qiz ijtimoiy koʻmakka muhtojlar roʻyxatidan chiqdi

12:34 20 Yanvar 2023 Jamiyat
636 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 1-martdagi Farmoniga koʻra, ayollarni oila va jamiyatda ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish, shuningdek, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilalar safini kengaytirish chora-tadbirlarini jadallashtirish maqsadida mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi tashkil etilgani ayni sohada yangi oʻzgarishlarga turtki bermoqda. Masalan, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida aynan ushbu vazifada ishlayotgan mutaxassislarning saʼy-harakati bilan “Ayollar daftari”ga olingan olti toifadagi 3 ming 977 nafar xotin-qizdan 3 ming 969 nafari koʻrsatilgan amaliy yordamlar tufayli ijtimoiy koʻmakka muhtojlar roʻyxatidan chiqdi.

— Hududimizda 2,5 mingdan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi, — deydi «Chustkoʻprik» MFY xotin-qizlar faoli Oqila Niyozova. — Oʻtgan yil boshida ularning 85 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilib, ijtimoiy va moddiy ahvolini yaxshilash ishlari boshlab yuborilgan edi. Bunda birinchi navbatda butunlay ishsiz boʻlgan 12 nafar opa-singlimizni daromad keltiruvchi mehnat bilan band qilishga kirishdik. Ularning ikkitasiga subsidiya hisobiga tikuvchilik mashinasi va kichik issiqxona xarid qilib berildi. Boshqalari yaqin-atrofdagi tadbirkorlik subyektlariga ishga joylashtirildi. Uy-roʻzgʻor yumushlari bilan cheklanib kelgan 67 nafar ayol imtiyozli kredit hisobiga oilaviy bizneslarini yoʻlga qoʻyib olishdi. Shunday qilib, yil oxiriga borib “Ayollar daftari” roʻyxatini toʻla yopishga muvaffaq boʻldik.

Ayni paytda tumanda xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va tizimli ravishda hal etish boʻyicha “Ayollar daftari”ning toʻrtinchi bosqichini shakllantirish maqsadida xatlov ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda mavjud 67 ta mahalladagi xotin-qizlar faolining ishini yanada kuchaytirishning yangi imkoniyatlari harakatga keltirilmoqda. Xususan, ularning barchasi “Mahallada ijtimoiy xizmat” avtomatlashtirilgan maxsus elektron moduli oʻrnatilgan zamonaviy planshet bilan taʼminlandilar. Bu sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali islohotlar koʻlami va sifatini yaxshilashni taʼminlaydi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер