Toʻqsonbosdi – toʻqson kun bossin...

15:08 02 Dekabr 2021 Jamiyat
1199 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Toʻqsonbosti erta koʻklam, ilikuzdi kezlarida aholi dasturxonini sabzavot va servitamin koʻkatlar bilan toʻldirish va bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.  Shuningdek,   toʻqsonbosti usulida  sarimsoqpiyoz yetishtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmlarini koʻpaytirishning oʻta maqbul manbai sifatida ham tavsiya etiladi. 

Navoiy viloyatida 2022-yil hosili uchun fermer xoʻjaliklar tomonidan noyabr-dekabr oylarida ochiq maydon va bogʻ-tok qator oralariga jami 1 847 gektar maydonga ushbu usulda sabzavot ekish rejalashtirilgan. Ekish uchun yerlarni tayyorlash, sifatli urugʻliklarni tanlash va bu agrotexnik tadbir muddatini kechiktirmaslik boʻyicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.   

– Toʻqsonbosti ekinlari – piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, lavlagi, sedana va  koʻkatlar yetishtirish uchun shu kunga qadar viloyat boʻyicha  1 058 gektar yer maydoni tayyorlanib, 978 gektar maydonda ekish ishlari bajarildi,– deydi “Oʻzagroinspeksiya” Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Ekilgan maydonning 901 gektari bogʻ-tok qator orasiga, 78 gektari ochiq maydonga toʻgʻri keladi.  Jumladan, 1 792 gektar maydonda piyoz ekilishi rejalashtirilgan boʻlsa, bugungi kunga qadar 947 gektar maydonga ushbu ekin turi,  27 gektarga sedana, 5 gektar maydonga esa ismaloq koʻkati ekildi.

Xatirchi tumanida fermerlar tomonidan 504 gektar maydonda toʻqsonbosti ekinlari ekilishi koʻzda tutilmoqda. Ushbu usul xadisi va daromadini olgan fermerlar yil sayin ekish hajmini kengaytirmoqdalar.

– Toʻqsonbosti moʻmay pul,– deydi  “Aliyev Abdugʻani” fermer xoʻjaligi rahbari A. Aliyev. – Joriy yil olma, oʻrik, yongʻoqzordan iborat bogʻ qator oralariga  piyoz, sarimsoqpiyoz ekdik. Koʻklamdayoq pulini oldik. Qoʻlingda naqd  puling boʻlsa, paxtayam, gʻallayam baravj boʻlarkan.

Bu yil esa yana 30 sotix maydonga qulupnay ekyapmiz. Bundan tashqari 1 gektar yerga urugʻlik piyoz ekishni moʻljallab turibmiz. Sedana ham ekkanmiz.  Bu juda foydali, dorivor oʻsimlik hisoblanadi. Nasib etsa, kelasi bahorda yetishtirilgan mahsulotlarimizni bozorga olib chiqamiz. Xaridorini topib, eksport ham qilamiz.

Taʼkidlash joiz, toʻqsonbosti fermer va dehqonga kutilmagan daromad keltirishi bilan birga bozorlarimizda narx-navo barqarorligini taʼminlovchi muhim manba sifatida aholi roziligi va ertangi kunga ishonchining mustahkam omili hamdir. Afsuski, buning ahamiyatiga bepisand fermer va dehqonlar ham yoʻq emas.

Joriy yil tuman boʻyicha 135 ta fermer xoʻjalik maydoniga toʻqsonbosti ekinlari ekilishi rejalashtirilgan,– deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Xatirchi tuman boʻlimi qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish shuʼbasi katta inspektori Jamoliddin Bobomurodov. – Bu borada muntazam nazoratni olib boryapmiz. Natijada ekin ekishni kechiktirgan, yerlarni oʻz vaqtida tayyorlamagan 22 nafar fermerga ogohlantirish, 8 nafariga esa yozma koʻrsatma berildi. 

Nomi toʻqsonbosti boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning ushbu usuli aslida uzoq tarixga ega. Uning omilkorligi shundaki, vaqtida ekib,  yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay undirib olish zarur. Shunda u toʻqson kun oʻtib,  oʻz samarasini beradi.

                                                                           Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер