Tomorqachilik rivoji va farovonlik
Illyustrativ foto
Oziq-ovqat taʼminoti, xususan, insonlarni yedirib — ichirish masalasi butun dunyo mamlakatlarini jiddiy oʻylantirayotgani bugungi kunda ayni haqiqat. Mamlakatimizda ham bu masala nihoyatda dolzarblik kasb etib, yiliga yarim milliondan oshib borayotgan xalqimizning rizqini butun qilish, dasturxoni toʻkinligiga erishish oson yumush emasligi barchamizga ayon. Ayni masala bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasining yer yuziga tarqalishi xavfi bilan yana-da oʻtkirlashgan. Davlatimiz rahbari shundan kelib chiqib, hokimliklar, tegishli vazirlik, idora va mutasaddilar bilan bir necha bor video selektor yigʻilishlari kun tartibiga ushbu masalani qoʻyib, tizimli ish tashkil etish boʻyicha muhim vazifa va topshiriqlar, yoʻl-yoʻrik hamda tavsiyalarini berib kelmoqdalar.
Jumladan, joriy yil 8-aprel kuni oʻtkazilgan navbatdagi video selektor yigʻilishi ham ushbu masalaga bagʻishlandi. Unda Yurtboshimiz tomonidan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish lozimligi, yiliga 2-3-marta hosil olayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, aksincha, shunday imkoniyatdan foydalana olmayotgan xonadonlarga yer soligʻini oshirish borasida aniq topshiriqlar berildi.
Mazkur video selektor yigʻilishida tomorqani oilaviy biznesga aylantirib, yerda yiliga uch martagacha hosil yetishtirish hisobiga 50-60 million, hatto, 100 million soʻmgacha daromad olayotgan oilalar misol qilib keltirildi.
Taʼkidlash kerakki, Namangan viloyatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilib, kaftdek yerdan tonna-tonnalab hosil olish bilan isteʼmol bozorini toʻldirishga munosib hissa qoʻshayotgan mirishkor insonlar safi muttasil kengayib bormoqda. Xususan, bugungi kunda viloyatdagi 775 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 372,4 ming xonadon mavjud boʻlib, ularning aksariyati tomonidan 19,9 ming gektar maydonda tomorqa xoʻjaligi yuritilyapti. Mazkur maydonlarning 9 ming gektariga kuzda ekilgan toʻqsonbosti ekinlar hosilining oldi bozorga chiqarildi. Qolgan 10,8 ming gektariga esa ertaki hamda oʻrtaki ekin ekish ishlari davom ettirilayotir.
2020-yilda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertagi) ekinlardan 296679 tonna qishloq xoʻjalik mahsulotlari olinishi kutilmoqda. Uning tarkibida 106216 tonna toʻqsonbosti sabzavot ekinlari,110649 tonna sabzavot,2356 tonna poliz,70944 tonna kartoshka, 200 tonna dukkakli ekinlar hosili va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bor.
Yillar davomida toʻplangan tajriba tomorqachilikni rivojlantirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidlash oʻrinlidir. Masalan, birgina oʻtgan yilning oʻzida viloyatdagi 48 ta mahalla
“Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavotchilik, koʻkat yetishtirish, gulchilik, koʻchatchilik va issiqxona yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirildi. Joriy yilda tabiiy iqlimi, tuproq sharoitidan kelib chiqqan holda yana 52 ta mahalla tomorqachilari ular safiga qoʻshildi. Misol uchun,Uychi tumanidagi “Islomobod” mahallasida 785 ta xonadon 85 gektarda issiqxona mahsulotlari, “Istiqlol” mahallasidagi 120 ta xonadon 75 gektarda har xil turdagi koʻkatlar, “Toshloq”liklar esa 210 ta xonadondagi 38 gektar yerda gilos mevasi yetishtirilyapti. Pop tumanining Gʻurumsaroy mahallasida 378 ta xonadon 23 gektar tomorqa maydonida kartoshka, Yakkatut mahallasida 809 ta xonadon 45 gektar yerda pomidor, Margʻizor va Oʻrta Margʻizor mahallalarida 645 ta xonadon 58 gektar maydonda sarimsoq parvarishi bilan band. Bunday manzarani Namangan shahri va barcha tumanlarda uchratish mumkin.
Moʻl-koʻlchilik manbaiga aylangan tomorqachilikni qoʻllab-quvvatlash viloyat hokimligi va boshqa tegishli tashkilotlarining doimiy eʼtiborida. Chunonchi, viloyat hokimining tegishli farmoyishi bilan joriy yilda aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etish maqsadida 24 ming gektar maydonga 1,5 ming tonna yonilgʻi moylash materiallari, 5ming tonna mineral oʻgʻit hamda 3,9 ming tonna urugʻlik mahsulotlari yetkazib berish koʻzda tutilgan. Hozirga qadar koʻpchilik tumanlarda ayni vazifalarning asosiy qismini moliyalashtirish nihoyasiga yetkazildi.
Kam taʼminlangan tomorqa yer egalariga ekin ekish yuzasidan amaliy yordam berish choralari belgilanganligi ham koʻpchilikni quvontirmoqda. Ularga mahalliy byudjet hisobidan sabzavot urugʻlari va mevali daraxt koʻchatlari uchun mablagʻlar ajratilib, salohiyatli fermer xoʻjaliklariga biriktirib qoʻyilgan. Ayni maqsadda viloyat hokimining farmoyishiga asosan mahalliy byudjetning zaxira hisobidan 24 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan “Aholining tomorqa madaniyatini rivojlantirish, tomorqa yer uchastkasidan foydalanish samaradorligini oshirish hamda koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq dehqonchilikning ushbu yoʻnalishidagi tajribalar muttasil ommalashtirib borilmoqda. 9-14-mart kunlari viloyatdagi mavjud 12 ta shahar va tumanlarda sektor rahbarlari, fuqarolar yigʻinlari raislari, aholi tomorqasidan samarali foydalanish ishlarini tashkil etishga biriktirilgan mutasaddi boshqarma va idoralar ishtirokida hududiy seminarlar oʻtkazildi.
Namanganda 2019-yilda 2670 ta zamonaviy ixcham issiqxonalar tashkil etildi. Joriy yilda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va va tashqi bozorga chiqarish hajmini oshirish maqsadida har bir tumanda
300-500 tadan, viloyat boʻyicha jami 4,4 mingta xonadonda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 411 ta namunaviy loyiha asosida mahalliy xom ashyodan527 ta ixcham issiqxonalar foydalanishga topshirildi.
Tomorqa egalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ularni boshlangʻich sarmoya hamda boshqa zarur xarajatlar uchun mablagʻ bilan taʼminlash diqqat-eʼtiborda. Buni 2018-2019-yillar mobaynida Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 565 nafar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 20,5 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratilganida ham koʻrish mumkin. Mazkur mablagʻ yordamida koʻplab fuqarolar issiqxona qurish, parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha biznes rejalarini amalga oshirishga muvaffaq boʻldilar.
Hozirgi kunda “Tomorqa xizmati” MCHJlarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlari uchun 2,2 milliard soʻmlik miqdorda kredit rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu mablagʻ hisobiga 13 dona motokultivator, 6 ta mini traktor, 21 ta qishloq xoʻjalik agregatlari,quvvati 900 tonna boʻlgan meva sabzavot quritish uskunalari sotib olish, bitta 300 tonnali muzlatkichli omborxona qurish rejalashtirilgan.
Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Yangiqoʻrgʻon kartoshka urugʻchilik markazi tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan Gʻovazon, Oqsuv Gʻovazon, Bogʻiston, Yangi Bogʻiston mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka yetishtirish, “Radivon sitrus mevasi tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan limonariya issiqxonalar qurish, “Daladan-doʻkongacha” tamoyili asosida dala doʻkoni tashkil etish loyihalari ishlab chiqildi.
Prezidentimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida hal etilishi talab qilinayotgan oʻta muhim muammolarga alohida eʼtibor qaratib,tanti, mehnatkash, sabrli xalqimizni oʻz tomorqalaridan yana-da unumli foydalanishga chorlashlari hech shubhasiz barcha qatori namanganliklarni ham yana-da ruhlantirdi. Binobarin, oʻzining boy tajribasi, samarali mehnati bilan ayni yoʻnalishda qoʻyilgan dolzarb vazifalar ijrosida faollik koʻrsatish har bir yurtdoshimizning qatʼiy harakatiga aylangan.
Ikromxon NAJMIDDINOV,
Namangan viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Q. Najmiddinov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring