Tomorqa dehqonchiligi – baraka manbai

14:43 10 Mart 2023 Jamiyat
579 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda ekin yerlaridan samarali foydalanish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada bir parcha yerdan ham moʻmay daromad olib, roʻzgʻori but, turmushi farovon boʻlayotgan oilalar soni oshib borayotir. Bu esa, tabiiyki, aholida tomorqa dehqonchiligiga qiziqish uygʻotib, el maʼmurchiligiga hissa qoʻshish uchun ragʻbat bagʻishlamoqda.

Samarqand viloyati Bulungʻur tumanidagi “Gulzor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ilhom Begboyev oʻz tomorqasidagi atigi bir sotixni maydondagi issiqxonada limon va mandarin yetishtirib, yaxshigina daromad topadi.

— Bugungi kunda mahallamizdagi oilalarning 50 foizdan ziyodi tomorqa dehqonchiligi bilan roʻzgʻor tebratmoqda, — deydi I. Begboyev. — Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek tomorqadan foydalanishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan xonadon egalari yoʻq emas, albatta. Ular oʻrtasida bir qarich yer ham daromad manbai ekani, ozgina mehnat va qunt boʻlsa, ana shu yer chinakam xazinaga aylanishini oʻz ishimiz va tajribamiz misolida koʻrsatib, tushuntirishga harakat qilyapmiz.

Tumandagi Kildon mahallasida yashovchi Ilhom Eshonqulov esa tomorqasida 6 sotixli issiqxona barpo etgan. U tomchilatib sugʻorish usulini qoʻllagan holda toʻqsonbosti ekinlarining oʻzidan yiliga 7-10 million soʻmgacha daromad oladi. Ertagi va takroriy ekinlardan keladigan daromadlarni qoʻshganda kamida 85 million soʻmgacha mablagʻ roʻzgʻorini toʻkin qilib turadi.

— Yerni oʻz holiga tashlab qoʻyish, uni uvol qilish xato va men buni hatto gunoh deb bilaman, — deydi Ilhom aka. — Mana, koʻklam kirib, ekin-tikin ishlarini tezlatib yubordik. Tomorqangizga ekin eksangiz, hechqursa, gulu rayhon qalamchalarini qadasangiz ham, yashillikdan, goʻzallikdan koʻz quvnaydi. Roʻzgʻorning kamu koʻstida tomorqada yetishtirgan hosillaringiz asqatadi. Faqat mehnatdan qochmaslik kerak, xolos. Oʻzim va yon-atrofdagi mahalladoshlarimdan koʻrib aytamanki, tomorqada dehqonchilik qilib, daromad topishda baraka bor.

Maʼlumot uchun. Bugungi kunda Bulungʻur tumanida jami 39 ming 391 nafar tomorqa yer egalari boʻlib, ular ixtiyorida 3 ming 931 gektar ekin maydoni bor.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер