Toyloqda ikkita yangi davlat maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshladi
Maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, bolajonlar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Toyloq tumanidagi Oʻrtaqishloq mahallasida 140 oʻrinli hamda Chorbogʻtepa mahallasida 120 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim muassasalarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Mazkur taʼlim-tarbiya maskanlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari bugungi kunda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, yangi bogʻchalarning foydalanishga topshirilishi ushbu mahallalardagi bolajonlar uchun katta qulaylik yaratishini qayd etishdi. Shuningdek, yosh avlodni har tomonlama barkamol, bilimli va sogʻlom etib tarbiyalashda bunday taʼlim maskanlarining ahamiyati beqiyos ekanligini alohida taʼkidlashdi.

Yangi qurilgan maktabgacha taʼlim muassasalari zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan boʻlib, ularda bolalarning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Keng va yorugʻ guruh xonalar, musiqa va mashgʻulot xonalari, oshxona, tibbiyot xonasi hamda bolalar uchun moʻljallangan zamonaviy oʻyin maydonchalari mavjud. Bu esa bolajonlarning xavfsiz, qulay va mazmunli muhitda tarbiyalanishiga xizmat qiladi.
Ochilish marosimi davomida mehmonlar muassasada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, pedagoglar va xodimlarga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilashdi. Mahallalar aholisi ham ushbu yangi taʼlim maskanlari ish boshlaganidan mamnun boʻlib, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun minnatdorlik bildirishdi.
Mazkur bogʻchalarning foydalanishga topshirilishi tumandagi maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, yosh avlodni munosib tarbiyalash yoʻlida muhim qadamlardan biri boʻldi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring