Toʻy nega qoldirildi?

18:18 31 Yanvar 2022 Jamiyat
3170 0

Nikoh toʻyi elu qavmga yangi oila qurilayotgani maʼlum qilinadigan qadim udumlardan biri. Odatimizga koʻra farzand ulgʻaytirgan ota-ona bunga uzoq yillar hozirlik koʻrib, orzu-havaslarining ushalganini qavmu qarindoshlar davrasida nishonlaydi. Jamiyat atalmish ulkan zanjirda esa yana kichik bir xalqa — yangi oila paydo boʻladi. Ushbu oila qoʻrgʻoni mustahkam boʻlishi, kelgusi yil shu paytda beshik toʻyiga kelish va hokazo ezgu-tilaklar jamlangan tabrik soʻzlari yangraydi. Bir soʻz bilan aytganda, baxt ostonasidagi yoshlarga hech kim yomonlikni ravo koʻrmaydi.

Ammo bu yosh oilalar ichida hech qancha fursat oʻtmay, darz ketayotganlari qancha... Birgina Navoiy viloyatida oʻtgan yilga doir nikoh va ajralishlarni qayd etish statistikasiga razm solsak, 9 ming 236 ta oila qurilgani holda 1 ming 259 ta nikoh bekor qilinganligini kuzatamiz. Tadqiqotlar buzilgan oilalarning aksariyatida qizlar 18-19 yosh, yigitlar esa 19-20 yoshlar atrofida nikohdan oʻtganligi, yanayam aniqrogʻi oila qurayotgan yoshlarning nikohga hali tayyor emasligini koʻrsatmoqda.

Maʼrifatsiz maʼrifatpeshalar

— Eng afsuslanarlisi, hali ona suti ogʻzidan ketmagan bolasini ota onalar turmushga uzatish uchun FHDYO boʻlimlariga olib kelishadi, — deydi Nurota tumanidagi 1-sonli FHDYO boʻlimi mudirasi Zebo Mirzayeva. — Hatto baʼzi ziyolilar ham farzandi fuqarolik fuqarolik pasportini oldimi, demak, turmush qurishi mumkin, degan fikrda.

Yaqinda Eshonsudur mahallasidan kelishdi. Boʻlgʻusi kelin endigina pasport olgan. Mahalla-koʻy bilan bu toʻyni toʻxtatishga urindik. Ammo, tushuntirishlarimizga qaramay, qizni qonuniy nikohsiz “kelin” qilib uzatishibdi.

Qani edi, erta turmushning oldini olishni faqat hujjatlar belgilasa... Qancha kuyinmang, baribir oʻz bilganidan qolmaydigan ota-onalar bor. Nikoh yoshi 18 dan ekanligini bilsa-da, “Keling, shularni zagsdan oʻtkazib qoʻyaylik”, deb oʻrtaga tushuvchi obroʻ-eʼtiborli kishilar qancha?..

Nikoh, oila va toʻy yigit va qizning bir-biriga koʻngil qoʻyishidan tashqari quda taraflarning tashabbusi va roziligi bilan amalga oshadigan jarayon. Kuzatishlarimizga koʻra, aksariyat qizlar erta turmushga rozi boʻlishmaydi. Lekin qiz bola ovqat pishirishni, saranjomlikni bilsa bas, nikohga tayyor, degan fikr odamlarimizda hamon saqlanib qolmoqda.

— Oʻtgan yil yozida tibbiyot oliygohning 1-bosqichini tugallagan qizni nikohdan oʻtkazish uchun olib kelishdi, — deydi Navbahor tumani FHDYO boʻlimi mudirasi Halima Nurmatova. — Kuyov ham talaba ekan. “Oila qurib, tibbiyot institutini qanday tugallaysiz, qiynalib ketasiz-ku?” dedik qizga. Javobidan maʼlum boʻldiki, oʻqishga kirgan kunidan boshlab, oʻqigan qizning “ovchilari” — sovchilar tinim bermayotgan emish. “Oʻqimishli, tuzukroq joy”dan chiqqan ekan, qizning ota-onasi yigiting boʻlmasa shunga beramiz, debdi. Oʻqishining hali yarmi ham oʻtmagan qizga sovchi yoʻllagan oilani maʼrifatpesha deb boʻladimi? Boringki, oʻqishni amal-taqal qilib tugatar, boringki, tuzukroq shifokor ham boʻlmas, lekin besh yil oila va roʻzgʻorning tashvishlariga talaba kelinchakning bardoshi yetarmikin? Kimga kerak bunday sinov?

Onalik baxti

Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir. Biroq baʼzi ota-onalar oʻz orzu-havaslari yoʻlida farzandining kelajak taqdiriga bepisand munosabatda boʻlishi koʻp hollarda boʻlgʻusi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tugʻilajak farzandining sogʻlomligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, quda-andalar oʻrtasida nosogʻlom munosabatlar ham yuzaga keladi.

— Erta nikoh kasb-hunar oʻrganib, hayotda oʻz oʻrnini topib ulgurmagan qizlarda ijtimoiy yakkalanishga olib keladi, — deydi “Oila” ilmiy-tadqiqot markazi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Mahfuza Hamroyeva. — Bu bevosita yangi oilani kambagʻallik botqogʻi sari boshlab, xotin-qizlarning oiladagi diskriminatsiyasi, gender tengligi buzilishiga zamin yaratadi. Achinarlisi, bunday oilaviy muhitda oʻsgan bola maktabgacha taʼlim muassasasida ham, maktabda ham oʻzini yakkalashga moyil boʻladi.

Shifokor sifatida taʼkidlashim joiz, erta turmush qurish tabiiyki, qiz bola organizmi oʻsishda davom etayotgan davrda homiladorlikka olib keladi. Erta yoshda xomilador boʻlish tugʻish jarayonida ona va bolaning sogʻligiga xavf solishi mumkin. Toʻgʻri, 15-17 yoshgacha qizlar jismonan yetiladi, ammo bu hali ularning ona boʻlish uchun fiziologik va ruhan tayyorligini bildirmaydi. Qizlar 15-17 yoshga toʻlgani bilan ularda, xomilaning rivojlanishi va bola tugʻish uchun normal sharoit vujudga kelmagan boʻladi. Bir qator fiziologik omillar sabab tugʻish jarayonida jarrohlik usulidan foydalanishga toʻgʻri kelishi mumkin. Aksariyat holatlarda esa erta oila qurgan qizlarda kamqonlik, kamquvvatlilik kuzatiladi. Bu hol koʻpincha kelinlarning uzoq vaqt boʻyida boʻlmasligiga, nogiron goʻdaklar tugʻilishiga, tugʻuruqdan keyin turli asoratlar yoki bepushtlikka olib kelishi mumkin. Mazkur asoratlar, yaʼni kamqon onani davolash, nogiron farzandni dori-darmon bilan taʼminlash - bu endi bir oilani emas, butun jamiyatni ijtimoiy muammolar girdobiga tortadi. Shu bois tibbiyot ayollar uchun farzand koʻrishning eng qulay davri 20-30 yosh oraligʻi deb xisoblaydi.

Balogʻat va kamolot

Taʼkidlaganimizdek, nikoh, oila qurish ikki yoshning oʻz ixtiyori bilan oʻz taqdirlarini bir-biriga bogʻlashini anglatadi.

— Turmush qurishda balogʻat yoshi emas, balki kamolot yoshi nisbat olinishi lozim, — deydi Navoiy viloyat bosh imom xatibi Tohir Roʻziyev. — Muqaddas dinimizda ham oila qurayotganlarning huquq, burch va majburiyatlari belgilangan. Xoh yigit, xoh qiz boʻlsin, oila yukini koʻtaradigan, qadr-qimmatini tushuna oladigan boʻlsa, turmush qurishlari durust. Shu bilan birga oila va nikohni oʻta kechiktirib yuborish ham maʼqul emas. Baʼzi yoshlarimiz Gʻarb madaniyatiga koʻr-koʻrona taqlid qilib, 30 yoshdan oshib ham oila qurmasdan yurishi urfga aylanmoqda. Buni baʼzilari roʻzgʻorni eplashga qodir boʻlish bilan izohlashsa, ayrim yigitlar “Sevgan qizim bilan bir-birimizni sinovdan oʻtkazayapmiz”, deb izohlashmoqda. Pul topa olish oila qurishda kamolot payti yetganligini anglatmaydi. Shuningdek, yoshlarning oila qurmay, bir-birini sinayapmiz qabilida yashashlari ham nojoiz. Hanafiy mazhabi moʻtabar manbalaridan “Durrul muxtor” kitobining “Nikoh fasli”da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yoʻq. Oila shunday saodatbaxsh bir bogʻki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma maʼlum muddatdan soʻng kuchini yoʻqotadi, ammo bir-birlaridan rozi boʻlgan umr yoʻldoshlarning birgalikdagi hayoti oʻlim bilan ham tugamaydi”.

Koʻrinib turibdiki, bugun qalamga olayotgan mavzumizning toʻylarga deyarli aloqasi yoʻq. Gap erta oila qurish, nikohning yosharib borayotganligi xususida edi.

Toʻy — har bir yangi oila quvonchining debochasi. Oila esa jamiyatda sogʻlom muhit barqarorligi, sogʻlom goʻdak tugʻilib, voyaga yetadigan vatan ichra kichik vatandir. Mulohazalarimiz shu Vatan poydevori mustahkam boʻlishining asosiy omillari xususida edi, bunda sizning ham fikrlaringizni kutib qolamiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер